09:42 / 28.07.2018
10395

Britaniyalik 168 kishilik samolyotda bir o‘zi parvoz qildi

Britaniyalik Gretsiyaning Korfu orolidan Britaniyaning Birmingem shahriga uchuvchi samolyotga chiptani bronlab, samolyot bortida ketgan yagona yo‘lovchi bo‘ldi. Bu haqda The Sun nashri xabar bermoqda.

Foto: The Sun

Birmingemlik 28 yoshli Saadom Jilani Korfuda do‘stining nikoh to‘yida bo‘lgan. Jilani uyiga qaytayotganda unga aeroportda Jet2 aviakompaniyasining 168 kishiga mo‘ljalangan Boeing 738 reysida yagona yo‘lovchi bo‘lishi ma'lum qilingan. 

“Men bir o‘zim uchishimdan qattiq hayajonga tushdim. Biroq ekipaj a'zolari haqiqiy professionallar bo‘lib chiqishdi, ular men bilan hazil-mutoyiba qilishdi va biz ko‘p kuldik”, deb eslamoqda parvozni britaniyalik.

Foto: The Sun

Samolyot bortkuzatuvchilari Jilanini “Xususiy samolyotga xush kelibsiz, ser” deb kutib olib, unga a'lo darajada xizmat ko‘rsatishgan. Erkak uchuvchilar kabinasida bo‘lgan, styuardessalar bilan selfiga tushgan va unga xavfsizlik bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilishini videoga muhrlagan.

Foto: The Sun

Jilanining aytishicha, Korfu-Birmingem reysi yaqinda joriy qilingan bo‘lib, ko‘pchilik bundan bexabarligi sababli ham u samolyotdagi yagona yo‘lovchiga aylangan bo‘lishi mumkin.

Parvoz oxirida aviakompaniya xodimlari Jilaniga 60 funt sterlinglik vaucher topshirishgan. U bu vaucherdan keyingi parvozida foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Foto: The Sun

2016 yil dekabrida ham shunga o‘xshash holat yuz bergan. Uch nafar britaniyalik ayol British Airways’ning Gibraltar-London reysining yagona yo‘lovchilari bo‘lishgan. Qizlarning aytishicha, samolyot bortida ularga rok-yulduzlar kabi ehtirom ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid
Top