13:40 / 29.07.2018
17020

Yangi mojaro. Qatar JCh-2022 mezbonligi uchun MQB agentlarini yollagan

Foto: Sport Ekspress

Qatarning futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionati mezbonligi uchun tuzilgan tashkiliy qo‘mitasi vakillari 2010 yilda katta kampaniya o‘tkazishgan.

Sky Sports nashrining yozishicha, Qatar vakillari o‘z kampaniyasi uchun Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimlari va PR-firmalarni yollagan. Bu kampaniya AQSh va Avstraliyaning arizasi qabul qilinmasligiga erishish yo‘lida ishlagan.

Sunday Times nashri esa Qatarni qora yo‘llardan foydalanganlikda ayblamoqda. Nashr jurnalisti Nil Henderson nashrning yangi soni anonsini o‘z tvitterida keltirgan, unga ko‘ra Qatar jahon chempionati mezbonligi yo‘lidagi raqiblarida imkoniyat qoldirmaslik uchun qora piar orqali raqiblar haqida noxush taassurotlar qoldirishga harakat qilgan.

Ma'lum qilinishicha, o‘sha vaqtda «nufuzli olim»ga katta pul to‘lab, unga AQSh jahon chempionatini qabul qilsa, qanday iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelishi haqida maqolalar yozdirishgan. Shuningdek, JCh-2022 mezbonligi bo‘yicha negativ fon hosil qilishlari uchun bir guruh jurnalistlar yollangan.

Bundan tashqari, Qatar amerikalik jismoniy tarbiya o‘qituvchilarini yollaganlikda ayblanmoqda. Bunday guruh kongressmenlardan AQSh jahon chempionatiga mezbonlik qilishiga qarshi turishni talab qilishgan. 

Shuningdek, Avstraliyada regbi musobaqalari vaqtida futbol bo‘yicha jahon chempionati mezbonligiga qarshi aksiyalar tashkillashtirilgan.

MQBning sobiq xodimlari esa Qatarga raqobatchi davlatlarda chempionat mezbonligi uchun kurashayotganlar haqida ma'lumotlar to‘plagan.

BBC xabarida ushbu kampaniya FIFAning qoidalarini buzgani aytilgan. Qatar-2022 tashkiliy qo‘mitasi barcha ayblovlarni rad etmoqda.

Qatarning JCh-2022 uchun mezbonligi tasdiqlab bo‘lingan. Mundial mezbonligi uchun AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya va Avstraliya ham da'vogarlik qilgandi.

Qatarning mundialga mezbonligini sotib olgani bo‘yicha korruptsion mojaro ham bo‘lib o‘tgandi. FIFA ushbu ayblov bo‘yicha ikki yil davomida tekshiruv olib bordi va dalillar topa olmadi.

Bundan oldinroq, Qatarda JCh-2022 stadionlari qurilishi vaqtida bir haftada 12 ishchi halok bo‘lgani haqida xabar tarqalgandi.

Top