8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

19:23 / 30.07.2018 14057

Yangi loyiha: Toshni teshgan tomchilar

Inson qalbi yaxshi so‘zlar bilan ozuqlangisi keladi. Dili yaxshiliklarga, ezgu amallarga tashna bo‘ladi. Ba'zan uni insonlar tajribasidan, hikmatli so‘zlar o‘qish bilan ham olish mumkin. Mana shunday ijobiy ishlarni amalga oshirish maqsadida, Kun.uz tahririyati mustaqil islomshunos va ilm izlanuvchisi Zahiriddin Mansur bilan yangi loyihaga qo‘l urdi.

Rustamov Zahiriddin Alouddin o‘g‘li Qirg‘iziston Respublikasi, O‘sh viloyati, Qorasuv shahrida dunyoga kelgan. Dastlabki islom va dunyo ilmini otasi Shayx Alouddin Mansurdan o‘rgangan. 

Shayx Alouddin Mansur
Foto: ziyouz.uz

Shayx Alouddin Mansur O‘zbekistonda islom dini rivojlanishiga hissa qo‘shgan islomshunos tarjimon hisoblanadi. Mustaqillikning dastlabki yillari Qur'oni Karimni birinchilardan tarjima qilib, o‘zbek kitobxonini xushnud etgan inson. 

Hozirda farzandi Zahiriddin Mansur diniy, falsafiy va ilmiy yo‘nalishlarda ijod qilib kelmoqda. Quyida ijod mahsullaridan biri - yangi loyiha “Toshni teshgan tomchilar” hikmatlar yig‘indisidan bahramand bo‘lishingiz mumkin.

“Ushbu bitiklar turli arabiy manbalar mutolaasi jarayonida tafakkurga undagan hikmatlarning tasavvurimizda jonlangan izlaridir. Hikmatlardan birida aytiladi: “Agar toshga inson bo‘lgil, desangiz,  u  men bunchalik qo‘pol, toshbag‘ir bo‘la olmayman!”, – deydi. Darhaqiqat, gunohlar zangidan qorayib qotgan qalb toshdan-da qattiqdir. Qur'oni karim va hadisi sharif ma'nolaridan quvvat olgan  “Adabud dunyo va din”, “Sehrul balog‘a va sirrul baro'a”, “Xizanatul adab”,  “Atvaquz zahab fil mavo'izi val xutab”, “Unvonul bayon va bo‘stonul azhan” kabi va boshqa adab ilmiga oid manbalardan olingan taassurotlar ba'zan xotirada, ba'zan yon daftarimiz hoshiyalarida o‘rin olgan edi. Mazkur hikmatlarni imkon darajasida sharhlagan bo‘ldik va ularni majoziy ma'noda “Toshni teshgan tomchilar” deb ramziy nomladik. 

Mana, ulardan ayrimlarini bir shodaga jamlab, siz aziz o‘quvchilarga taqdim qilyapmiz. O‘ylaymizki, mazkur davomli loyihamiz sizlarga manzur bo‘ladi. Loyihamizni tez orada mustaqilligining 27 yilligini nishonlaydigan millatdoshlarimiz - o‘zbek xalqiga bizdan sovg‘a sifatida ulashdik.

Sen kelajagingni o‘zgartirishga qodir emassan, lekin odatlaringni o‘zgartirishing mumkin, zero odatlar kelajagingni o‘zgartiradi”, - deydi muallif.

Toshni teshgan tomchilar: Inson kelajagi

Inson taqdiri Allohning izmida. Kelajakka qo‘l solish chegaradan chiqish demakdir. Inson umri uch bosqichdan – o‘tmish, hozir, kelajakdan iborat. Nafas olayotgan har bir inson umrning ikkinchi bosqichidadir. Agar bizni kelajagimiz qiziqtirsa, so‘ng natija nima bo‘lishidan befarq bo‘lmasak, har kuni qilayotgan ishlarimizga, tabiatimizga aylanib borayotgan odatlarimizga nazar solishimiz lozim. Yomon ishlarga odatlangan bo‘lsak va bu odatni tark etish niyatimiz bo‘lmasa, demak, kelajagimiz yorug‘ emas. Agar yaxshi ishlarga, ezgu amallarga odatlangan bo‘lsak, bizlarni buyuk kelajak kutmoqda. Bilingki, kelajagimiz haqida tafakkurga ega bo‘lish, qaysidir ma'noda uni o‘zgartirish o‘z qo‘limizdadir.

Top