17:09 / 31.07.2018
27305

Navoiydagi balkonsiz uy mashmashasi: eski hokim ruxsat bergan, yangilari esa e'tiborsiz

Navoiy shahridagi G‘alaba ko‘chasi, 198-ko‘p qavatli uyning birinchi qavatidagi 10 ta bir xonali xonadonda istiqomat qilayotgan oilalardan KUN.UZ tahririyatiga murojaat kelib tushdi. Ular birinchi qavatdagi uylariga qo‘shimcha qurilma sifatida balkon qurishga mutasaddilar ruxsat berishmayotganini, umuman ularning bu boradagi viloyat va shahardagi mutasaddilarga murojaatlari e'tiborsiz qolayotganinini bildirishgan.

Tahririyatimiz vakillari Navoiy shahrida bo‘lib, vaziyat bilan yaqindan tanishib qaytishdi.

5 qavatli uy 2009-10 yillarda qurib foydalanishga topshirilgan — deyarli yangi. Mazkur uyning birinchi qavatida 10 ta bir xonali xonadonlar joylashgan. Birinchi qavatda joylashgan va yashash uchun moslashtirilgan bir xonali uylarning balkoni yo‘q.

Aholi vakillarining birinchi qavatda joylashgan uylarga qo‘shimcha ravishda balkon qurish uchun qilgan «O‘zshaharsozlik LITI» tomonidan ko‘rib chiqilgan va tasdiqlangan loyiha hujjatlari shahardagi mutasaddilar tomonidan tasdiqlanmayapti.

Balkonsiz uyda istiqomat qilish ma'lum bir qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Xonadonlarda odamlar siqilib yashashga majbur bo‘lishmoqda.

Mazkur holatda e'tiborga molik jihat shuki, uyning birinchi qavatiga 3 metr enlikda balkon barpo etish uchun ruxsat berilmayotgan bir paytda, uyning G‘alaba ko‘chasiga qaragan orqa tomonidan xususiy do‘konlar uchun, yerto‘lasi bilan 15 metr kenglikda qurilish ishlariga bemalol ruxsat berilmoqda.

Mazkur uyda istiqomat qiluvchilar viloyatning sobiq hokimi Erkinjon Turdimov shaxsan o‘zi kelib, vaziyat bilan tanishgani, balkon qurish kerakligini ta'kidlagani, shundan so‘ng aholi yig‘ilib loyiha taklifini tayyorlaganini aytib o‘tishdi.

Ayni paytda aholi vakillari Navoiy viloyat hokimi Q.Tursunovning qabuliga mazkur masala bo‘yicha kirishga muvaffaq bo‘lishmagan. Uyni kelib o‘rgangan Navoiy shahar hokimi esa «shikoyat yozaversalaring kislorodlaringni yopaman», deya po‘pisa qilib, ko‘cha tomondan 15 metr uzunlikda qurilayotgan do‘konlar bilan shug‘ullanib ketgan.

Qo‘shimcha balkon qurilishi bilan, albatta, mazkur uyning chiroyiga chiroy qo‘shiladi. Yashayotgan oilalarning sharoitlari yaxshilanadi. Boz ustiga, xonadon sohiblari balkon oldi hududini obodonlashtirishni o‘z zimmalariga olishlarini ta'kidlashmoqda.

Biz Navoiy shahar hokimi va shahar mutasaddilaridan aholining talab va istaklarini puxta o‘rganib chiqishi, agar loyiha hujjatlari barcha talablarga javob bersa, bu yerda istiqomat qiluvchi 10 ta xonadonning yashash sharoitlarini yaxshilash uchun bosh-qosh bo‘lishlarini so‘rab qolar edik.

Shuhrat ShOKIRJONOV, Ma'rufjon ASQAROV,

Kun.uz muxbirlari

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top