16:40 / 05.08.2018
67030

Imom ishi: Bosh prokuratura barcha sud qarorlarini bekor qilishni so‘ramoqda

Foto: Bosh prokuratura

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi imom Hikmatulla qori Yusupov ishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga protest keltirib, mahkumning turmush o‘rtog‘i M.Rahmatullayevaning murojaatini qanoatlantirdi. Bu haqda Kun.uz axborot manbasi xabar bermoqda.

13 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan H.Yusupov 2016 yil 25 yanvardagi sud hukmiga ko‘ra, O‘zR Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan moddalar bo‘yicha, ya'ni giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazishda aybdor, deb topilgandi. 

Keyinchalik, Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 2017 yil 14 fevral kungi ajrimi bilan sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgandi. 

Ayni paytda Bosh prokuratura Rahmatullayevaning murojaatini qanoatlantirib, mazkur masalani chuqur o‘rganib, jinoyat ishi bo‘yicha barcha sud qarorlarini bekor qilish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga nazorat tartibida protest keltirdi. 

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Hikmatulla qoriga nisbatan chiqarilgan ikkita huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha sud qarorlari asossiz bo‘lib chiqqani haqida xabar berilgandi. Unda aytilishicha, soxta guvoh va dalillar bilan Hikmatulla Yusupovga jazo tayinlangan.

Shundan so‘ng, ushbu ishga aralashganlikda gumon qilingan ayrim MXX xodimlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi. Xorazm viloyati Harbiy prokuraturasi Hikmatulla qoriga 13 yil qamoq jazosi tayinlanishi ortida ayrim MXX xodimining noqonuniy ta'siri borligini tekshirmoqda.

Top