18:30 / 05.08.2018
24469

Toshkentdan Ostonaga: jo‘xorifurush yigit o‘z ishi va hayoti haqida so‘zlab berdi

U makkajo‘xori sotish uchun har yili uch oyga Toshkentdan Ostonaga keladi. Ilk bor Ostonaga kelganida hali bola edi. O‘shandan buyon oradan 16 yil o‘tdi. Tengrinews.kz o‘zbekistonlik Bolatbek Botirxanov bilan suhbat qurdi.

Foto: tengrinews.kz

“Bu yerliklar meni jo‘xorifurush deb atashadi”, - deydi u jilmayib. Uning yonida qaynoqqina jo‘xori solingan katta qop va “Kukuruza varenaya”, "QQ.RU.ZA", "SYRAYa tojye yest" kabi yozuvlar bitilgan o‘ziga xos reklamasi joylashgan.  

Foto: tengrinews.kz

“Ha, hamma mana shu yozuvlarga e'tibor qaratadi. Atayin odamlarni jalb qilish uchun shunaqa deb yozib qo‘yganman”, - deydi Bolatbek. 

“O‘n ikki yoshimdan beri jo‘xori sotaman, hozir 28daman, - deydi u. – Ostonaga birinchi marta 2002 yilda kelganman, onamga yordamlashardim. Vaqt o‘tib o‘zim keladigan bo‘ldim”. 

Iyundan sentabrgacha davom etadigan mavsumdan so‘ng u Toshkentga qaytadi.

Foto: tengrinews.kz

“Universitetni bitirganman, mutaxassisligim boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik o‘qituvchisi. Toshkentga qaytganimda agar bo‘sh o‘rin bo‘lsa o‘qituvchilik qilmoqchiman”, - deydi Botirxonov.

Bolatbek ertalab velosipediga qopini joylaydi va savdo nuqtasiga qarab yo‘l oladi.

Foto: tengrinews.kz

“Ijarada yashayman. Kuniga 500 tenge to‘layman. Bu oyiga 15 ming degani. Kuniga to‘laganim yaxshi, mabodo qo‘qqisdan ketishim kerak bo‘lib qolsa, tushunmovchiliklar bo‘lmaydi”, - deydi u.

Uning aytishicha, bir oyda ko‘pi bilan 150 ming tenge pul topadi.

Foto: tengrinews.kz

“Ijara, yeb-ichish va boshqa xarajatlardan tashqari shuncha pul qoladi. Shuning uchun bu yerdaman. Agar 70-100 ming topganimda tavakkal qilib kelib o‘tirmasdim”, - deydi Bolatbek.

U Toshkentda tug‘ilgan. Millati qozoq. Onasi va uch akasi Ostonaga ko‘chib ketishgan. Bolatbek esa tug‘ilib o‘sgan yurtida qolgan.

“Uylanganman, bir yoshdan o‘tgan o‘g‘lim bor. Xotinim ham toshkentlik. Oilam kelajagi uchun ishlab yuribman”, - deydi u.

Foto: tengrinews.kz

Uning aytishicha, bir marta uning bor pulini shilib olishgan.

“Savdo qilib tursam bir kishi oldimga keldi. Savdo qilish uchun ruxsatnomam bor-yo‘qligini so‘radi. Ruxsatnomam yo‘qligini, endi olmoqchiligimni aytdim. U o‘zining politsiyadan ekanligini, kecha bir qiz o‘ldirib ketilganligini va men gumondorga o‘xshab ketishimni aytdi. Unga kuni bilan shu yerda jo‘xori sotishimni aytdim. U esa bu yerda noqonuniy savdo bilan shug‘ullanayotganim uchun o‘zi bilan olib ketishini aytdi. Hechqisi yo‘q, libossiz politsiyachilar ham bo‘ladiku, tekshirib qo‘yib yuborishadi, deb o‘yladim. Hovlima-hovli yurganimizdan keyin hech kim yo‘q joyga yetganimizda u birdan menga qarab: “Hoy kelgindi, bu yerda biznes bilan shug‘ullanyapsan, bizga ulush bermaysanmi?”, deb qoldi. Unga kuniga ikki-uch ming pul topishimni aytdim. U esa “Qochishni o‘ylama, so‘yib tashlayman”, deb tahdid qildi.

O‘sha kuni kechki payt onamga beraman deb to‘plab qo‘ygan 100 ming pulim va qimmatbaho telefonimdan ayrildim”, deb eslaydi u.

Foto: tengrinews.kz

Botirxonovning aytishicha, Qozog‘istonda yashashda u hech qanday muammoga duch kelmaydi.

“Kelishim bilan vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘taman va mehnat shartnomasini rasmiylashtiraman, oyiga besh ming soliq to‘layman”, - deydi u.

U Qozog‘istonga ko‘chib kelishni rejalashtirmagan. Aytishicha, Toshkentda yashashga o‘rganib qolgan.

“Ajdodlarimiz o‘sha yerlik. Besh yoki olti avlod yashab kelmoqda. Ko‘chib kelgim keladi, lekin Toshkentda yashash istagi kuchliroq. O‘sha yerda tug‘ilib-o‘sganman, do‘stlarim o‘sha yerda, xullas Toshkentda yashashim uchun sabablar ko‘p”, - deydi u.

Uning aytishicha, Ostonaga nisbatan O‘zbekistonda yashash arzonroq.

“U yerda hamma meva-sabzavotlar o‘zimizniki va o‘z vaqtida pishadi. Umuman, hamma narsa o‘z vaqtida bo‘ladi: bahor bahorda, yoz yozda, kuz kuzda keladi. Shuning uchun u yerda yashash yaxshi”, - ta'kidlaydi u.

U avgustda Toshkentga qaytishi mumkin. Ular farzand kutishmoqda. So‘ngra yana Ostonaga qaytadi va sentabrgacha, mavsum tugagunicha savdo qiladi. Agar ob-havo yaxshi bo‘lib tursa oktabrgacha shu yerda bo‘ladi.

“Ostonada yoz uzoqroq bo‘lganida yaxshi bo‘lardi”, - deydi Botirxonov umid bilan.

Top