15:29 / 06.08.2018
36299

Bola chilim chekishga majburlangan video tarqaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda kichik yoshli qizchaning chilim chekayotgan videosi paydo bo‘ldi. 

Sakkiz soniyali videoda erkak va ayolning qizchani chilim chekishga majburlayotganini ko‘rish mumkin. Unda erkak "yana bir marta, yana" deydi, ayol esa qizchaga navbatdagi "doza"ni uzatadi. 

Ushbu video shuningdek Uchtepa tuman xalq deputatlari tuman kengashi deputati Nuriddin Zayniddinovning Facebook sahifasiga ham joylangan. 

Bu videoning qayerda va qachon olingani hozircha noma'lum.

Ta'kidlash joizki, yaqinda olimlar "bug‘li kokteyllar" ta'siri sigareta chekish ta'siriga teng ekanini aniqlashdi. Amerika olimlari esa chilim inson salomatligi uchun halokatli ta'sir ko‘rsatishi mumkinligini ma'lum qilishgan. Tadqiqotlar natijasida chilim chekish yurak-qon tomir kasalliklari rivoji xavfini oshirishi va insultga olib kelishi isbotlangan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu ham o‘z o‘rnida chilim chekish xavfidan dalolat beradi. 

Kun.uz O‘zbekistonda bolalar huquqi bilan bog‘liq vaziyatlar haqida bir necha bor yozgan edi. Afsuski, aniq chora-tadbirlar va ijtimoiy xizmatlarning yo‘qligi sabab mamlakatda ro‘y berayotgan bunday voqealar oddiy holat sifatida qabul qilinmoqda. Natijada esa bolalar himoyasiz qolmoqda.

Top