14:32 / 06.08.2018
9986

Kichik ofisdan Xitoyning yirik kompaniyasiga aylanguncha bosib o‘tilgan Didi Chuxing tarixi

Biznes asoschisi Chen Veyu qanday qilib o‘nlab mana shunday loyihalar orasidan ajralib chiqdi, nima uchun kompaniya Uber raqobatchilarini qo‘llab-quvvatlamoqda?

Foto: South China Morning Post

Didi Chuxing — taksi, avtobus, limuzin, xususiy avtolarga buyurtma beradigan Xitoydagi xizmat. Kompaniya asoschisi - Chen Vey, bir vaqtning o‘zida ijrochi direktor. Vey 33 yoshda, Forbes’ga ko‘ra, Osiyodagi milliarderlar reytingida 333-o‘rinni egalladi va Forbes Asia bo‘yicha 2016 yilda yil tadbirkoriga aylandi.

Uning kompaniyasi 56 milliard dollarga baholanyapti. Bu dunyodagi eng qimmat xususiy korxona bo‘lib, Disruptor 50 reytingida to‘rtinchi o‘rinda, o‘z investoriga eng ko‘p daromad olib kelgan kompaniyalar o‘ntaligida uchinchi o‘rinni egallagan.

Taqqoslash uchun, olti qit'ada 500 dan ortiq shaharda ishlaydigan Uber 68 mlrd dollarga baholanyapti. Bu Xitoyning 400 ta shahrida filiallarga ega Didi’ga qaraganda bir yarim marta qimmatroqdir. Veyning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyda taksi haydovchilarining 80 foizi Didi tizimidan foydalanadi. Bu holat kompaniyani monopoliyachiga aylantiradi.

2000-2008 yillar: taqdirga ta'sir qilgan xato

Chen Vey
Foto: Bloomberg

Chen Vey Xitoyning sharqiy provinsiyasi Tszyansida tug‘ilgan. Otasi – amaldor, onasi esa matematika o‘qituvchisi. Maktab davridanoq matematika fanini o‘zlashtirish unga oson bo‘lgan. Biroq abituriyentlar uchun test vaqtida Vey so‘nggi sahifani unutib, yakunlovchi uchta savolga javob bermagan.

Umumiy balni pasaytirishdi va obro‘li oliy ta'lim muassasasi o‘rniga Pekin kimyo-texnologiyalar universitetga o‘qishga kirishga, axborot texnologiyalar o‘rniga biznes-menejmentni tanlashga to‘g‘ri keldi.

Vey ilk marta universitetda o‘qish vaqtida ishga kirdi. U sug‘urta agenti bo‘lib ishladi, biroq bitta ham polis sotolmadi.

Menejyer yordamchisi uning keyingi lavozimi edi. Vakansiyalar yarmarkasida kompaniya tibbiyot muassasasi sifatida ko‘rsatilgan. Biroq keyinroq Vey massaj salonlaridan biriga ishga kirgani ma'lum bo‘ldi.

2008-2012 yillar: sotuvchidan tadbirkorlikka

O‘qishni tugatganida Vey 22 yoshda edi, u Alibaba’ning savdolar bo‘limiga ishga o‘tdi. U 1500 yuan haq olardi (225 dollarga yaqin). Rahbariyat unga ushbu lavozimda diqqatini qaratdi. Chen Vey Alibaba va Alipay’da jami sakkiz yil ishladi. U o‘z lavozimining “eng yuqori cho‘qqisi”ga yetdi va 2011 yilda do‘stlari bilan shaxsiy ishi haqida muhokamalar qila boshladi.

Vey restoran biznesi, dizayn-studiya, yetkazib berish xizmati yoki ta'lim sohasida kompaniya ochish haqida o‘ylardi. Uni taksiga onlay berish bo‘yicha Buyuk Britaniyaning Hailo kompaniyasi tajribasi o‘ziga jalb qildi.

2012 yilda do‘sti Van bilan Alibaba’dan ketish va shaxsiy biznesini boshlashga qaror qildi. Van asosiy investorga aylandi. Startapni ishga tushirish uchun 800 ming yuan (121 ming dollarga yaqin) ajratdi. Hozir uning ulushi 1 mlrd. dollarga teng.

2012-2015 yillar:100 m² lik ofisdan yirik xitoylik kompaniyasiga aylanguncha

Didi’ning ilk ofisi bor-yo‘g‘i 100 m²ni egallagandi. Dastlab kompaniya DidiDache (滴滴打车) deb nomlangan. So‘zma-so‘z tarjima qilinganida “Bip-bip taksi chaqirish».

Startda loyiha o‘ziga o‘xshagan o‘nlab servislar bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keldi. Yondashuvlar bir-biridan farq qilardi. Masalan, Yaoyao Taxi aeroportlardagi taksi haydovchilarini qamrab olgandi. Boshqa kompaniyalar esa qimmatbaho avtomobillarga ixtisoslashishga harakat qilishardi. Ba'zi raqobatchilar haydovchilar uchun ilovalar o‘rnatilgan bepul smartfonlarni tarqatishardi.

Didi boshqacha yechimni tanladi.

  1. Kompaniya  diqqatini xususiy taksilarga qaratdi.

  2. Haydovchi va yo‘lovchilar diqqatini jalb etish uchun Didi maxsus bepul mobil ilovani ishlab chiqdi.

Ilova temir yo‘l bekatlari, shuningdek, smartfonga ega haydovchilar uchun reklama qilinardi. Sarafan radiosi ham qo‘l keldi: haydovchilar hamkasblariga Didi haqida gapirib berishdi. O‘sha vaqtdayoq Didi’ning raqobatchisi Uber bo‘lgan. Ularning pozitsiyalari teng edi, chunki Uber ham bozorga endigina kirib kelgandi.

Didi servisi ommaviylashib bordi. Biroq 2012 yilning oxirida Pekinni qor bosmagunicha unda sezilarli o‘sish kuzatilmadi. O‘shanda aholi yo‘llardagi tirbandliklar sabab ommaviy ravishda ilovadan foydalanishni boshlashdi. O‘sha kuni buyurtmalar soni 1000 tadan ortdi. Vey o‘sha qorbo‘ronni baxtli hodisa sifatida yodga oladi: “Agar o‘sha qor bo‘lmaganida Didi bugun mana shu yerda bo‘lmasdi”.

Mana shu voqeadan keyin servisning ishi o‘nglandi, biroq ko‘pgamas. Alibaba raqobatchi servis Kuaidi Dache’ga investitsiya kiritishga qaror qildi. Bunday yirik kompaniyaning ko‘magi Xitoydagi startaplar uchun hal qiluvchi hisoblanadi. Didi esa o‘z o‘rnida Xitoy giganti Tencent yordamidan foydalandi.

2014 yilda Tencent Didi mijozlariga WeChat yordamida haq to‘lashga ruxsat berdi. Didi faol tarzda chegirmalar kiritib, sayohatlarni subsidiyalashni boshladi, kun davomida xizmat ko‘rsatilgan mijozlar soni uch milliongacha yetdi. Bu natija kompaniyaga 2 mlrd yuan – 303 mln dollarga aylandi.

Qarama-qarshilik kuchaydi. Didi’ning investori rossiyalik Yuriy Milner tomonlarni kelishtirish yo‘lini topdi. 2015 yilning fevral oyida Didi va Kuaidi o‘rtasida muzokaralar boshlandi. Kompaniyalar birlashishdi. Mijozlari ko‘p bo‘lgani bois Didi yangi kompaniyada 60 foizlik ulushga ega bo‘ldi, Vey esa uning rahbariga aylandi.

2015-2016 yillar: David Goliafga qarshi

2014 yilda Didi bosh operatsion direktor lavozimiga Goldman Sachs’ning Osiyo hududidagi asosiy investitsiyalar sektorining boshqaruvchi direktori bo‘lgan Jin Lyuni ishga oldi. Yarim yillik faoliyati davomida Jin Didi’ga 700 mln dollar moliyalashtirishga erishdi.

Trevis Kalanik
Foto: Gazeta.ru

Chen bir kuni Didi Uber’dan o‘zib ketishi aytdi, Xitoy bozori juda katta va ko‘plab xitoylik shaharlar yo‘l harakati hamda atrof-muhit ifloslanishini nazorat qilish uchun xususiy avtomobillarga egalik qilish, ulardan foydalanishni nazorat qiladi.

Didi eski chizma bo‘yicha harakat qilishni boshladi: haydovchilarni subsidiya qilar va bozorni egallardi. Kompaniya subsidiyalarga 1 mlrd yuan sarfladi. Keyinchalik ular tashqi investitsiyalarni jalb etishni boshlashdi: 2016 yilning bahorida AppleDidi’ga 1 mlrd dollar sarmoya kiritdi, Saudiya Arabistoni Davlat invest fondi Uber’ga 3,5 mlrd investitsiya olib kirdi. Biroq sarmoyalar sabab investorlar kompaniya qarorlariga ta'sir o‘tkazishlari mumkin edi. Natijada Uber va Didi muzokaralarni boshlab yuborishdi.

2016 yilda Chen Vey Uber’ning Xitoydagi vakolatxonasini sotib oldi. Uber kompaniyaning 17 foizi va 1 mlrd. dollar naqd pul oldi.

2017-2018 yillar: kengayish strategiyasi

Foto: NDTV

Kompaniyaning rejalari katta edi, shu jumladan – Osiyo bozoridan tashqariga chiqish. 2015 yildayoq kompaniya Janubi-sharqiy Osiyo, Hindiston, Shimoliy Amerikadagi Grab, Lyft va Ola bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishib olgandi.

Uber’ning qamrovi Didi’nikiga qaraganda 550 ta shaharga ko‘proq. Xitoydagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin Uber o‘z birlashish ta'sirini MDH mamlakatlariga o‘tkaza boshladi. Masalan, Rossiyadagi “Yandeks.Taksi” bilan birlashdi. Hozirda Uber va Didi Lotin Amerikaga kirib borishni istashyapti, chunki Meksika va Braziliya bozorlari dunyoda eng tez o‘sayotgan bozorlardan sanaladi.

2017 yilning avgustida Didi  Estoniya Taxify transport-logistika kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Didi korxona ulushini ham qo‘lga kiritdi. Hamkorlikdan maqsad – Yevropa, Afrika va Osiyo mamlakatlarida logistika sohasidagi rivojlantirish.

2018 yilning iyul oyida Booking.com turarjoyni bron qilish servisi va Didi hamkorlik qila boshlashdi: Booking.com taksi servisiga 500 mln dollar sarmoya kiritdi, shuningdek, Osiyodagi barcha sayyohlarga Didi xizmatlaridan foydalanishni taklif etmoqda. O‘z navbatida, Didi ilovasiga Booking.com yordamida turarjoyni bron qilish imkoniyatini qo‘shdi. Bunday hamkorlik Didi’ga Osiyo bozoridagi ta'sirini kengaytirish imkoniyatini berdi.

Hozir Didi bir sutkada 30 mln tagacha taksida yetkazishni amalga oshirmoqda, ilovada 450 mln mijoz va 4 mln haydovchi ro‘yxatdan o‘tgan. 2028 yilda kompaniya 10 mln ta elektromobil sotib olishni rejalashtirmoqda. Maydoni 100 m² bo‘lgan ofis o‘rniga hozirda Didi 5000 nafar xodim ishlaydigan bir necha besh qavatli binolarga ega.

Top