20:51 / 07.08.2018
13894

«Ilgari biz ibrat olayotgan davlatlar o‘z siyosatini o‘zgartirmoqda»​. Senator Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha fikrlarini bildirdi

Yirik iqtisodiy rivojlangan davlatlar o‘rtasidagi savdo urushi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lib kirishiga ta'sir qiladimi? Shu kabi mulohazalar va tashkilotga a'zo bo‘lish borasida fikrlarini bildirgan Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov masalaga optimistik ruhda baho bermoqda. 

«Umuman, O‘zbekistonda proteksionizm tendensiyalari asta-sekin yo‘qolib bormoqda. Parlament ushbu masalaga qisman aralashgan. Chunki, Prezidentimizning AQSh tashrifi chog‘ida, Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lib kirishda O‘zbekistonga ko‘mak berish bo‘yicha  Amerika hukumati bilan kelishuv imzolangan»​, deydi u.  

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi va Jahon Banki guruhi Tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda hukumat mulozimlari va manfaatdor tomonlarni Jahon savdo tashkiloti (JST) jarayoni va uning O‘zbekiston uchun potensial oqibatlari haqidagi bilimlarini oshirishga yordam berish maqsadida shu yil mayda Toshkentda «O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonini yangidan boshlash»​ mavzusida seminar tashkil et​di. Hamkorlikning amaliy ifodasi sifatida yaqin orada AQSh Savdo vazirligining vakili O‘zbekistonga tashrif buyurishi, Senatda tashkil etilayotgan uchrashuvda ishtirok etishi kutilyapti.

«Bu masalada chuqur o‘ylab, keyin qarorga kelish maqsadga muvofiq. Afsuski, ayrim davlatlarda proteksionizm choralari joriy etilmoqda. Ilgari biz ibrat olayotgan davlatlar o‘z siyosatini o‘zgartirayotgan holda bu masalani chuqur o‘rganish lozim»​, deb qayd etib o‘tgan Senat qo‘mita raisi. 

Axios nashriga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z ma'muriyatining yuqori lavozimdagi amaldorlariga AQShni Jahon savdo tashkilotidan olib chiqmoqchiligini bir necha bor aytgan.​

«Shunga qaramay, O‘zbekiston tarixan savdo mamlakati hisoblanadi. Biz «Buyuk Ipak yo‘li» yoqasida joylashgan davlatmiz, hozir vaziyat shundayki, mintaqada qo‘shni davlatlarga mahsulotlarni sotishga imkoniyatimiz juda ham ko‘p. Asta-sekin jo‘g‘rofiyani o‘zgartirish kerak, buning uchun butun dunyo ishlayotgan qonunlar bo‘yicha ish olib borish talab etiladi. Baribir, qachon JSTga qo‘shilamiz, bu savolga javob berish qiyin, chunki muzokaralar endi jonlanmoqda»​, deb qo‘shimcha qilgan Alisher Kurmanov. ​

O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligiga ko‘ra, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo‘lishning ehtimoliy salbiy oqibatlarini ham o‘rganib chiqishi kerak.​

«JSTga a'zo bo‘lishdan oldin biz buning ijobiy jihatlari bilan birgalikda, mamlakat iqtisodiyoti uchun ehtimoliy salbiy oqibatlarini ham o‘rganishimiz zarur. Shuning uchun, albatta, bu masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashish zarur», – ​deydi Tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Sohib Saifnazarov aytib o‘tdi. ​

Top