11:23 / 07.08.2018
7371

Toshkent metrosida hojatxonalar tashkil etish taklif qilindi

Foto: KUN.UZ

“Mening fikrim“ jamoaviy murojaatlar portalida Toshkent metro bekatlari va boshqa jamoat joylarida umumiy hojatxonalarni tashkil qilish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Jamoat joylarida umumiy hojatxonalarni tashkil qilishga yetarlicha e'tibor qaratilmayotgani tanqid qilingan. Zamonaviy talablarga javob beradigan hojatxonalar barpo qilish nafaqat mahalliy aholi, balki mamlakatga tashrif buyurayotgan mehmonlarimiz uchun ham qulaylik yaratishi alohida ta'kidlab o‘tilgan.

“Bugungi kunda poytaxtimiz aholisi ko‘payib borayotganini hisobga olib, ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga katta e'tibor qaratilmoqda. Biroq jamoat joylarida umumiy hojatxonalarni tashkil qilishga yetarlicha e'tibor qaratilmayapti. Zamonaviy talablarga javob beradigan hojatxonalar barpo qilish nafaqat xalqimiz uchun, balki yurtimizga tashrif buyurayotgan mehmonlarimiz uchun ham qulaylik yaratadi.

Yoshi ulug‘ kishilar, bolalar va bemorlar bu borada zarurat tug‘ilganda anchagina noqulay ahvolda qolishadi. Oddiy hojatxonalar bilan birga xorijiy davlatlarga o‘xshab chaqaloqlarni yo‘rgaklash xonalari, imkoniyati cheklangan kishilar uchun maxsus hojatxonalar barpo etilsa, nur ustiga a'lo nur bo‘lar edi“, - deyiladi murojaatda.

“Hojatxonalarni avvalo metro bekatlarida qurishdan boshlash kerak. Bunda albatta har bir bekatning har ikki chiqish tarafiga qurilsa, qulayroq bo‘lardi. Metro bekatlaridan tashqari boshqa jamoat joylarida ham shunday tipdagi hojatxonalar qurish mumkin. Hojatxonalarni ko‘paytirish bilan birga ularda xizmat ko‘rsatish sifatiga, sanitariya-gigiyena holatiga qattiq e'tibor berish lozim“, - deb yozgan petitsiya muallifi.

Top