11:26 / 08.08.2018
170636

Dilshod Akramovni o‘ldirishda gumonlanayotgan shaxs qamoqqa olindi

Foto: Xalqaro press-klub

O‘zbekiston Respublikasi IIV Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Akramovni o‘ldirganlikda gumonlanuvchi shaxs ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuraturadagi manba xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «j» bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Ma'lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi shaxs Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi katta inspektori R.Abdullayevdir. Ushbu shaxs 1985 yilda tug‘ilgan, ichki ishlar tizimida 2009 yildan beri ishlab keladi.

Manbaning bildirishicha, mazkur jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov Bosh prokuratura «O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish» boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 4 avgustida soat 21:10 atrofida IIV Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Dilshod Akramovning murdasi Mirobod tumani, Taras Shevchenko ko‘chasida joylashgan IIVga qarashli PPX va JTSBB binosining ikkinchi qavatidagi o‘z xizmat xonasida qotillik alomatlari bilan topilgan. Dilshod Akramov shu yilning iyul oyi boshida bosh boshqarma boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

Dilshod Akramov IIV tizimida 1996 yildan beri ishlab kelayotgandi.

 

Mavzuga oid
Top