11:06 / 08.08.2018
10355

Lagom - shvedlarning sinab ko‘rilishi kerak bo‘lgan baxt retsepti

Lagom — butun bir boshli falsafa. Keng, bepoyon, ulkan. Tarjimasi – barcha narsada mo‘'tadillik. Ko‘p ham emas, oz ham emas. Aynan keragicha. Aynan sizga mos keladigan muvozanat.

Lagom usulidagi hayot – oddiy va ortiqcha hamda qalbaki buyumlarsiz.

Foto: Pixabay

Lagom shvedlar hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Lagom ishlash mumkin, oshirib yubormasdan. Shim lagom turibdi, ya'ni qanday lozim bo‘lsa, shunday. Hatto suv ham lagom iliq bo‘ladi, bu qulay haroratdagi suvni anglatadi.

Har bir sohada – ish, munosabatlar, interer dizayn, uslubda shvedlar lagom är bäst shioriga ko‘ra ish tutishadi. Ya'ni, qancha zarur bo‘lsa, shuncha ol. Mo‘'tadillikdagi kalit.

Lagomni kim o‘ylab topgan?

Lagom falsafasi vikinglar davridan qolgan, degan fikr bor. So‘zning o‘zi ham “laget om” (“aylana bo‘ylab uzatish”) so‘zlari birikmasidan kelib chiqqan. Gap shundaki, marosimlarda asal va mevalardan tayyorlangan idish aylana bo‘ylab uzatilgan: har kim boshqalarga ham yetishini mo‘ljallab ichishi kerak bo‘lgan. Tenglik. Hurmat. Qo‘li ochiqlik.

Nima uchun aynan shvedlar?

Shvetsiya eng farovon mamlakatlar o‘ntaligiga ilk marta kirayotgani yo‘q. Yaqinda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, shvedlar (skandinaviyalik qo‘shnilari bilan birgalikda) o‘zlarini baxtli kishilar sanaydilar. Aynan shuning uchun ham lagomni o‘rganish yanada qiziqarliroq. G‘oya shvedcha bo‘lsa-da, uni sayyoraning istalgan nuqtasida qo‘llash mumkin.

Mashhur bloger Niki Brantmark hatto “Lagom o‘zi nima?” degan kitob yozgan va unda mazkur g‘aroyib falsafa haqida hikoya qilgan. Nikining o‘zi Shvetsiyaga 13 yil oldin Angliyadan ko‘chib kelgan. Bu vaqt davomida u hayotini keskin ravishda o‘zgartirib yubordi, unga yangi odatlar va betakror an'analarni olib kirdi. Natijada haqiqiy baxtga erishdi.

Foto: Pixabay

Ular uchun yashash zerikarlimi? 

Lagom — rohatlardan voz kechish degani emas. Ularni mo‘'tadillik va muvozanatlashgan holda boshdan kechirishdir. Albatta, shvedlarda ham rejadan chiqish holatlari yuz beradi. Ular damlagan juda o‘tkir shved qahvasining o‘zi bir dunyo. Yoki ko‘plab shirinliklarini olaylik – qiyom shimdirilgan shirinlik, kokos qirindisidagi shokoladli sharcha, ular xush ko‘radigan – dolchinli kulchalar. Biroq bunday siylovdan keyin ular o‘zlarini tiyish bilan jazolashmaydi, balki mo‘'tadil holatda qolishda davom etadilar.

Lagom usulida uyni qanday jihozlash mumkin?

Shvedlar g‘olib bo‘lgan sohalarga e'tibor beradigan bo‘lsak, uyni jihozlashni nazardan chetda qoldirolmaymiz. Betakror skandinaviyacha usul barcha tomonidan tan olingan: u o‘ta ko‘p buyum bilan oshirib yuborilmagan va diqqatni o‘ziga jalb etadi. Biroq shvedlar qanday qilib muvozanatga erishdilar? Ularda minimalizmga tug‘ma moyillik mavjud va yig‘ishga bo‘lgan ishtiyoq mutlaq kuzatilmaydi. Shuning uchun shvedlarning uyida eski buyumlar bilan to‘lgan qutilar ko‘rinmaydi.

Nima endi tabiatni ham sevish kerakmi?

Shvedlar vaqtini tabiat qo‘ynida o‘tkazishni jon-u dildan sevadi. Ularni tushunish mumkin: mamlakat hududining yarmi o‘rmonlar bilan qoplangan, atrofda 29 ta milliy bog‘ mavjud. Tabiat – hayotning ajralmas qismi.

Davlat bunday xordiqni turli yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlaydi: Shvetsiyada  “allemansretten” tushunchasi mavjud. Har bir kishi atrofdagilarning tinchligini buzmagan holda erkin sayr etishi, qo‘ziqorin va mevalar terishi, istalgan yerda palatkalar o‘rnatishi mumkin. Shuning uchun shvedlar har qanday ob-havoda ham shahar tashqarisiga chiqib, pikniklar uyushtirishadi. Aytgancha, ta'tillarini odatda o‘z mamlakatlarida o‘tkazadilar. Dala hovli yoki yozgi uylariga ketishadi, u yerda kun bo‘yi mutolaa qiladilar, cho‘milishadi, stol o‘yinlarini o‘ynab, hech qayerga shoshilishmaydi.

2016 yilda yovvoyi tabiat fondi tadqiqot o‘tkazib, doimiy ravishda tabiat qo‘ynida dam oladiganlar o‘zlarini baxtliroq va sog‘lom his etishlarini aniqladi. Boshqa tadqiqot ham bunday “ko‘m-ko‘k” sayohatlar vaqtida xotirjam bo‘lib, ruhiyatimizni tiklashimiz va ijodiyot bilan shug‘ullanish istagiga ega bo‘lishimizni ko‘rsatdi.

Yana baxt sirlaridan bering!

Foto: Pixabay

Shvedlarning baxt bo‘yicha uchta kichik sirlari quyidagicha:

Kapsulali garderob yarating. Shvedcha garderob kam sonli va funksional kiyimlardan iborat: bir-biri bilan a'lo darajada moslashadigan kam sonli kiyim-kechaklar. Kapsulali garderob zo‘riqishdan xalos etadi: xarid, tanlov va yuvishga kamroq vaqt sarflaysiz.

Skandinaviya parheziga amal qiling. Shvetsiyaning milliy taomlari— sill ok potatis (seld balig‘i va brusnikali kartoshka), shchyotbullar med potatismus (kartoshka pyuresi bilan tayyorlangan qiyma) va pitipanna (kubik shaklida to‘g‘ralgan kartoshka, go‘sht va marinadlangan lavlagi hamda piyoz). O‘ziga xos eshitiladi, biroq aynan skandinavcha parhez shifokorlar tomonidan eng sog‘lom deya tan olinganlardan biridir. U xolesterin miqdorini tushirib, yurak tomirlari kasalliklari, artrit va Kron kasalligi ehtimolini kamaytiradi. Yana u belga ham zarar ko‘rsatmaydi!

O‘zingiz uchun kichik an'analar uyushtiring. Shvetsiyada do‘st, hamkasb va qarindoshlarni bir-biri bilan birlashtirishga qaratilgan an'analar ko‘p. Masalan, muqaddas shved marosimi “fika” – qahva va shirinliklar bilan tanaffus. Uning mohiyati oddiyligida: qaynoq ichimlik, shoshilmasdan mehmon bo‘lish va muloqot qilish. Yoki fredagsmyus – oila vakillari yig‘ilib, televizor tomosha qiladigan va shirinliklar yeydigan yoqimli juma. Aynan shunday kichik an'analar unutilmas xotiralarni yaratib, tabassum uyg‘otadi va hatto qorli qish faslida ham qalblarga iliqlik baxsh etadi.

Mavzuga oid
Top