12:30 / 10.08.2018
43229

Bunyodkor ko‘chasidagi ko‘prik ochildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 avgust kuni Toshkent shahrining Bunyodkor ko‘chasidagi yangi qurib bitkazilgan ko‘prikni kelib ko‘rdi.

«Ma'lumki, Bunyodkor ko‘chasi poytaxtimizning eng serqatnov yo‘llaridan biri. Bu ko‘chaning Toshkent halqa yo‘li, Farhod, Muqimiy, Islom Karimov, Navoiy va boshqa yirik ko‘chalar bilan kesishgan joylarida yo‘l o‘tkazgich va tunnellar qurilgan. 

Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq Bunyodkor va Cho‘pon ota ko‘chalari chorrahasida ham yangi ko‘prik bunyod etildi. Buning natijasida endi Bunyodkor ko‘chasi bo‘ylab to‘xtovsiz va xavfsiz harakat ta'minlanadi. Yo‘l o‘tkazgichda transportlar 6 ta qatorda harakatlanadi. 

Shuningdek, bu yerda 124 metrlik ikkita piyodalar o‘tish ko‘prigi qurilgan. Nogiron va keksalarga qulaylik yaratish maqsadida lift va eskalator o‘rnatilgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Davlat rahbari hududda amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

Bunday inshootlarni qulaylik va xavfsizlik nuqtai nazaridan aql bilan loyihalashtirish, ularni sifatli va zamonaviy qilib qurish zarurligi ta'kidlangan. Ushbu maydon va ko‘chalarda odamlarga qulayliklarni yanada oshirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirgan.

Shavkat Mirziyoyev G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ini ham kirib ko‘rgan. Bog‘ni zamonaviy qilib qayta qurish, bu yerda ochiq va yopiq akvapark barpo etish bo‘yicha topshiriq bergan, bog‘dagi birorta ham daraxt kesilmasligi kerakligini ta'kidlagan.

Top