18:24 / 10.08.2018
5829

O‘zbekistonda Elektron kompyuter sporti federatsiyasi tashkil etildi

O‘zbekiston virtual sport o‘yinlari va kiberfutbol federatsiyasi o‘z faoliyatini yanada professional tarzda tashkil etish va xalqaro standartlar talabiga moslashish maqsadida bir qator tashkiliy o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Endilikda tashkilot O‘zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi deb nomlanadi.

Federatsiya prezidenti Azizbek Pattaxovning Kun.uz`ga ma'lum qilishicha, rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan tashkilot o‘z ustavini qayta ko‘rib chiqib, unda belgilangan maqsad va vazifalariga o‘zgartirishlar kiritgan hamda faoliyat ko‘lamini yanada kengaytirgan.

6 avgust kuni yangi nom bilan Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan federatsiyaga O‘zbekistonda barcha elektron o‘yinlar, kompyuter sporti va kiberfutbolni rivojlantirish hamda respublika hududida turnirlarni tashkil etish huquqi berildi. Shuningdek, tashkilot ushbu yo‘nalishdagi murabbiy va kibersportchilarni tayyorlash bo‘yicha ham vakolatli muassasa sifatida belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi o‘z faoliyatida Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining virtual sport turlariga oid qarorlari ijrosini ta'minlashda faol ishtirok etadi.

Elektron sport turlariga qiziquvchilar uchun tashkilotning rasmiy Telegram-kanali faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u orqali federatsiyaga a'zo bo‘lish uchun murojaat yuborish imkoniyati yaratilgan.

Qayd etish o‘rinliki, 18 avgustdan e'tiboran Indoneziyada boshlanadigan Osiyo o‘yinlarida elektron sport yo‘nalishi bo‘yicha musobaqa tajriba-sinov tariqasida ilk marta o‘tkazilmoqda. Unda Elektron kompyuter sporti federatsiyasi a'zosi, Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi kiberatleti Sanjar Usmonov O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.

Yaqin yillar ichida sportning bu turi Olimpiada dasturidan o‘rin olishi mumkin.

Top