23:14 / 11.08.2018
12052

O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi yanvar-iyul oylarida 17,8 mlrd dollarni tashkil etdi

2018 yil yanvar-iyul oylari yakunlariga ko‘ra, respublikada tashqi savdo aylanmasi 17,8 mlrd dollarni tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24,2 %ga o‘sdi.

Eksport hajmi 7,6 mlrd dollarga (o‘sish sur'ati 15,7 %) va import hajmi deyarli 10,2 mlrd dollarga (o‘sish sur'ati 31,4 %) yetdi.

Sanoat tuzilmasining diversifikatsiya qilinishi, eksportni qo‘llab-quvvatlash, import o‘rnini bosuvchi tovar va mahsulotlarni ishlab chiqarishning yanada oshirilishi natijasida eksport tarkibida sezilarli o‘zgarishga erishildi.

2018 yil yanvar-iyul oylarida respublika tashqi savdo aylanmasida eng katta ulushga ega davlatlar ketma-ketligi joriy yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan deyarli o‘zgarishsiz qoldi. 2017 yil yanvar-iyul oylarida tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi 34,5 %ni tashkil qilgan edi. 

Respublikada tashqi savdoni qo‘llab-quvvatlash hamda MDH davlatlari bilan ushbu sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2018 yil yanvar-iyul oylarida tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi 38,5 %ga yetdi.

Boshqa xorijiy davlatlarning respublika tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 2017 yilning yanvar-iyul oylarida 65,5 %ni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilning ushbu davrida tashqi savdo aylanmasi 61,5 %ga tushdi.

2018 yil yanvar-iyul oylarida eksport hajmi 7,6 mlrd. dollarga (o‘sish sur'ati 15,7 %) teng bo‘ldi. Eksport tarkibida tovarlar ulushi 77,8 %ni tashkil etib, bular asosan energiya manbalari va neft mahsulotlari (19,2 %), oziq-ovqat mahsulotlari (8,7 %), shuningdek, kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar (6,9 %) guruhlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Xizmatlar eksporti hajmi 1693,4 mln dollarni yoki jami eksport hajmining 22,2 %ini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,3 %ga o‘sganligi kuzatildi. 

Xizmatlar eksporti tarkibining asosiy ulushi transport xizmatlari, turizm xizmatlari, telekommunikatsiya, kompyuter va axborot xizmatlari, moliyaviy xizmatlardan iborat.

Respublikadan eksport qilinayotgan tovar va xizmatlarning asosiy qismi Xitoy va Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu umumiy eksport hajmining 34,9 %ini tashkil qiladi.

Xitoy va Rossiyaga eksport qilinayotgan tovarlar tarkibi asosan energiya manbalari va neft mahsulotlari, kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar hamda oziq-ovqat mahsulotlari guruhlaridan iborat.

2018 yilning yanvar-iyul oylarida jami 527,4 mln dollarlik 690,5 ming tonnadan ziyod meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi.

2018 yilning o‘tgan davri mobaynida 762,2 mln dollar miqdorida to‘qimachilik mahsulotlari eksporti hajmi amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich 2017 yilning mos davriga nisbatan 16,6 %ga o‘sib, umumiy eksport hajmining 10 %ini tashkil qildi. 

Eksport qilingan to‘qimachilik mahsulotlari tarkibidan paxtadan yigirilgan ip (58,0 %), tayyor to‘qima matolar va tikuvchilik kiyimlari (22,6 %) asosiy ulushni egallagan. Yil boshidan 297 turdan ortiq mahsulotlar dunyoning 52 ta davlatiga eksport qilindi.

Joriy yilning yanvar-iyul oylarida import hajmi 10,2 mlrd dollarga (o‘sish sur'ati 31,4 %) teng bo‘ldi. Import tarkibida eng katta ulush mashina va asbob uskunalar (39,4 %), kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar (13,4 %) hamda oziq-ovqat mahsulotlari (9,6 %) guruhlari hisobiga to‘g‘ri keldi.

Xizmatlar importi hajmi 1,25 mlrd dollarni yoki jami import hajmining 12,4 %ini tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24,5 %ga o‘sdi. 

Xizmatlar importi tarkibining asosiy ulushi turizm xizmatlari, transport xizmatlari, qurilish xizmatlari va telekommunikatsiya, kompyuter va axborot xizmatlaridan iborat bo‘ldi.

2018 yilning yanvar-iyul oylarida respublikaga 145 dan ortiq xorijiy davlatlardan tovar va xizmatlar importi amalga oshirilgan.

Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Koreya va Turkiya davlatlaridan jami import hajmi 6,26 mlrd dollarga teng bo‘lib, bu umumiy import hajmining 61,7 %ini tashkil qiladi.

Top