17:54 / 13.08.2018
5728

Ota-onalar sport turlari bo‘yicha maktab-internatlarda ovqatlantirish xarajatlarini qisman qoplash uchun to‘lov to‘laydi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida jismoniy tarbiya va sport vazirining “Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda ovqatlantirish xarajatlarini qisman 
qoplash uchun ota-onalar to‘lovini to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan
maktab-internatlari o‘quvchilari sutkalik oziq-ovqat normasiga muvofiq, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar to‘lovi hisobiga xarajatlarni qisman qoplagan holda oziq-ovqat bilan ta'minlanadilar.

Maktab-internatda ota-onalar tomonidan to‘lanadigan to‘lovlar nazarda tutilgan boshqa byudjyet mablag‘lari bilan birga maqsadli tartibda o‘quvchilarni oziq-ovqat bilan ta'minlashni hamda maktab-internatning moddiy-texnika bazasini yaxshilashga, avvalambor, sanitariya-gigiyena vositalari va yumshoq inventarlar xarid qilishga maqsadli tartibda yo‘naltiriladi.

Bunda maktab-internatning moddiy-texnika bazasini yaxshilashga yo‘naltiriladigan mablag‘lar miqdori jami yil davomida ota-onalar to‘lovidan tushgan mablag‘larning
5 foizidan oshmasligi lozim.

Maktab-internatga ota-onalar to‘lovi ota-onalar va maktab-internat ma'muriyati o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Maktab-internatga ota-onalar to‘lovi o‘quv yili (sentabr — may oylari) uchun to‘lanadi.

Maktab-internatda ota-onalar to‘lovi har oyning 15-sanasidan kechiktirmasdan to‘lanadi. Oyning 15-sanasidan keyin kelgan o‘quvchilar ta'minoti uchun to‘lovlar esa, o‘quvchi kelgan kundan boshlab 3 kun ichida to‘lanadi. Bunda to‘lovlar o‘quvchining shu oyda maktab-internatda bo‘ladigan kunlarga mutanosib ravishda to‘lanadi.

Ota-onalar tomonidan shartnoma shartlari bajarilmasligi yoki lozim darajada bajarilmasligi, shu jumladan to‘lov shartnomada belgilangan miqdorda hamda mazkur Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan muddat o‘tgach ikki hafta mobaynida uzrli sabablarsiz to‘lanmagan taqdirda, ota-onalar bilan tuzilgan shartnomaning amal qilishi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘xtatiladi va bu o‘quvchining maktab-internatda bo‘lishini to‘xtatish uchun asos bo‘ladi. Bunda to‘lov amalga oshirilmaganligi o‘quvchining maktab-internatda ta'lim olishini to‘xtatishga asos bo‘lmaydi.

Ota-onalar tomonidan amalga oshirilmagan to‘lov u amalga oshirilgan kundan boshlab o‘quvchining maktab-internatda bo‘lishi tiklanadi.

Ota-onalar to‘lovining bir kunlik qiymati bir oylik to‘lov miqdorini shu oy mobaynidagi ish kunlari soniga bo‘lish orqali aniqlanadi.

O‘quvchining yoki oila a'zolarining kasalligi, karantin holatida bo‘lganligi tufayli o‘quvchi maktab-internatga ketma-ket uch kundan ortiq kelmagan davr uchun to‘langan to‘lovlar keyingi oy uchun to‘lovni amalga oshirishda hisobga olinadi. Bunda o‘quvchining kelmagan kunlari soni bir kunlik to‘lov miqdoriga ko‘paytirilib, keyingi oy uchun to‘lov summasi chiqqan summaga kamaytiriladi. Agar o‘quvchining kelmagan kunlari uchun to‘lov hali amalga oshirilmagan bo‘lsa, joriy oy uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lov miqdori u kelmagan kunlar uchun hisoblangan to‘lov summasiga kamaytiriladi.

O‘quvchining yoki uning oila a'zolarining kasalligi, karantin holatida bo‘lganligi tufayli bolaning maktab-internatga kelmaganligi tegishli davolash-profilaktika muassasasi yoki uchastka shifokori tomonidan beriladigan ma'lumotnoma bilan tasdiqlanishi shart.

O‘quvchining uyda qolgan boshqa barcha hollarida maktab-internatda ota-onalar to‘lovi umumiy asoslarda to‘lanadi.

Maktab-internat o‘quvchilar umumiy kontigentining ko‘pi bilan 30 foizi miqdorida o‘quvchilarning quyidagi toifalari ota-onalar to‘lovidan ozod etiladi:

a) ota-onalaridan biri yoki ikkalasi I yoxud II guruh nogironi bo‘lgan kam ta'minlangan oila farzandlariga, shuningdek o‘rtacha oylik jami daromadi eng past darajada bo‘lgan kam ta'minlangan oila farzandlari;
b) olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Olimpiada (1-5 o‘rin), Osiyo o‘yinlari (1-5 o‘rin), jahon va Osiyo chempionati, birinchiligi, kubogi (1-5 o‘rin), shuningdek boshqa xalqaro (1-3 o‘rinlar) va respublika (1-o‘rin) chempionati, kubogi va birinchiligi sport musobaqalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar – bir o‘quv yili mobaynida (g‘olib va sovrindor deb e'lon qilingandan keyingi oydan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar).

Ota-onalar to‘lovidan ozod qilinadigan kam ta'minlangan oila farzandlari ro‘yxati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan oilaning mulkiy ahvoli to‘g‘risida ma'lumotnomaga va maktab-internat ota-onalar qo‘mitasining xulosasiga asosan aniqlanadi va shakllantiriladi.

Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Olimpiada (1-5 o‘rin),
Osiyo o‘yinlari (1-5 o‘rin), jahon va Osiyo chempionati, birinchiligi, kubogi (1-5 o‘rin), shuningdek boshqa xalqaro (1-3 o‘rinlar) va respublika (1-o‘rin) chempionati, kubogi
va birinchiligi sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan o‘quvchilarni bir o‘quv yili mobaynida ota-onalar to‘lovidan ozod etishga ularning sport musobaqasida g‘olib bo‘lganligini tasdiqlovchi hujjati (diplom, musobaqa bosh hakami tomonidan tasdiqlangan musobaqa bayonnomasi (protokoli) asos bo‘ladi.

To‘lovdan ozod qilinadigan o‘quvchilar ro‘yxatiga kirmay qolgan, shuningdek yil davomida aniqlangan kam ta'minlangan oilalar farzandlari hamda Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Olimpiada (1-5 o‘rin), Osiyo o‘yinlari (1-5 o‘rin), jahon va Osiyo chempionati, birinchiligi, kubogi (1-5 o‘rin), shuningdek boshqa xalqaro (1-3 o‘rinlar)
va respublika (1-o‘rin) chempionati, kubogi va birinchiligi sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan o‘quvchilar hisobidan zaxira shakllantiriladi.

To‘lovdan ozod qilingan o‘quvchilarning maktab-internatda bo‘lishi to‘xtatilishi natijasida bo‘shab qolgan o‘rinlar zaxiradan to‘ldirib boriladi. 

Top