21:00 / 13.08.2018
213601

Tungi klubdagi qonli tun. Hayvon ham yerda yotgan odamni tishlamaydi

O‘zbekiston so‘nggi paytlar xuddi jang maydoniga o‘xshab qolgandek. Deyarli har kuni kimnidir pichoqlashmoqda, kimdir tan jarohati olib vafot etyapti, yana kimdir nogiron bo‘lib qolyapti. Sodir bo‘layotgan va aksariyatida haydovchilarning aybi bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Biroq, Murod Xonto‘rayev va Jamshid Kenjayev bilan bog‘liq voqealar hozir hammaning tilida. Ularning professional sportchi ekani, biri jahon chempioni-yu, ikkinchisi O‘zbekiston chempioni bo‘lgani ham bu gap-so‘zlarni yanada avj oldirmoqda. Murod Xonto‘rayev bilan bog‘liq ish hali davom etyapti, u qamoqqa olingan, tergov organlari voqeaga oydinlik kiritish ustida ishlashmoqda.

Murod Xonto‘rayev
Foto: YouTube

Jamshid Kenjayev esa vafot etdi... Kenjayev bilan bog‘liq voqea yuzasidan ijtimoiy tarmoqlardagi foydalanuvchilarning izohlariga e'tibor bersangiz, aksariyati qo‘riqchilarning xatti-harakatidan dahshatga tushganini bildirmoqda. O‘sha mash'um tungi klubning qo‘riqchilari professionallarga xos ish tutishmagani bor gap. Kenjayev pichoq bilan tashlansa, bu uni o‘lasi qilib kaltaklab, ustiga-ustak to‘xtovsiz pichoq bilan zarba berish kerak degani emas. Har bir voqeaga sabab bo‘ladi. Buni esa, faqat o‘sha tunda uning yonida bo‘lgan guvohlar bilishi mumkin. Qo‘riqchilar qamoqqa olindi, ular tegishli jazo olishi tayin. Ammo, tungi klubning rahbarlari, egalarichi? Qo‘riqchilarga asl vazifasi nima ekanini tushuntirmagan ma'muriyatchi?

Nega bu qadar yovuzlashib, shafqatsiz bo‘lib ketyapmiz?

Bir narsa hayron qoldiradi. Yerda deyarli hushsiz yotgan, o‘zini himoya qila olmaydigan darajaga keltirib qo‘yilgan Kenjayevni boshiga oyoq bilan tepgan, beysbol bitasi bilan tinmay zarbalar bergan shaxslarni ham oilasi, ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari bormikan? Yoki ular bo‘rilar orasida katta bo‘lganmikan? Axir, yerda qimirlamay yotgan odamni hayvon ham payti kelsa tishlamaydi. Odamlar hayvonlardan ham battar bo‘lib ketdimi?!

Masalaning huquqiy jihati bilan tegishli organlar, vakolatli shaxslar shug‘ullanadi. Ular bu holatda qasddan odam o‘ldirish bo‘lganmi, yoki o‘zini-o‘zi himoya qilish chegarasidan chiqilganmi, umid qilamizki, barchasiga to‘g‘ri baho beradilar.

Nima bo‘lganda ham bir inson olamdan ko‘z yumdi. O‘z-o‘zidan, arzimagan sabab bilan vafot etdi. Vaholanki, o‘sha 5-6 nafar barzangi uning qo‘lidan pichoqni tortib olib, darhol ichki ishlar organlariga xabar berishi ham mumkin edi. Aslida shunday qilishi shart edi! Lekin ular hamkasbiga jarohat yetkazgan odamni o‘ldirishga ahd qilishdi. Mayli, balki Kenjayevning o‘zidan ayb o‘tgandir, balki sabab boshqa narsadir. Biroq, inson ekanini unutish kerak emas. Insonni hayvondan ajratib turadigan narsa ham aql-idrok sanaladi. Aql bo‘lmay, quruq mushaklar bo‘lsa, oqibati nima bilan tugashini ko‘rdik barchamiz...

Marhum Jamshid Kenjayev haqida ikki og‘iz so‘z. Uning iqtidorli sportchi bo‘lgani, erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempioniga aylangani, Osiyo chempionatlarida ishtirok etganini ko‘pchilik biladi. MMA jangchisi sifatida esa butun Markaziy Osiyo va Rossiyada tanishardi. Balki, u ham o‘z kuchiga ortiqcha baho berib yubormay, darrov mushtlashuvga kirishib ketmaganida, sport rejimiga amal qilganida... fojianing oldi olinarmidi.

Jamshid Kenjayev
Foto: Instagram /Jamshid Kenjayev

Har bir masala-muammoda tanganing ikki tomoni bo‘ladi. Faqat qo‘riqchilarni ayblashdan yiroqmiz. Qars ikki qo‘ldan chiqadi, degan gap bor. Biroq, bir professional sportchining shu tarzda ayanchli o‘lim topishi achinarli.

Xalq orasida “buqalar” degan so‘z bor. Bu so‘z asosan barzangi, gavdasi haqida tinmay qayg‘uradigan, aqlini rivojlantirish haqida esa ko‘p ham o‘ylamaydiganlarga nisbatan ishlatiladi. Balki, mana shu fojia ham qonunchilikka o‘sha “buqalar” – qo‘riqchilar bo‘yicha haqiqatdan ham ishlaydigan, shunchaki qog‘ozda qolib ketmaydigan tegishli o‘zgartirishlar kiritilishiga olib kelar.

Sportchimi yoki bezori?

Foto: Facebook/ Murod Xanturayev

Shu o‘rinda, masalaning yana bir jihati. Deyarli hamma yoshligida sport bilan shug‘ullanadi. Ba'zilar buni keyin ham davom ettiradi. Avvallari sportning yakka kurash turlari bo‘yicha seksiyaga kelgan bolalarga eng birinchi bo‘lib bir narsa uqtirilardi: “sport bilan faqat o‘zing uchun, ruhiy holatingni rivojlantirish maqsadida shug‘ullanasan, kuchingni ko‘chadagi odamlarga hech qachon ko‘rsatma, agar ko‘chada urishish, mushtlashish uchun sport bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsang, yaxshisi hozirdanoq keta qol, senga javob”, deyishardi.

Professional darajada sport bilan shug‘ullangan shaxs shunga yarasha mas'uliyatni ham his etishi kerak. Boz ustiga, u jahon chempioni (Murod Xonto‘rayev) bo‘lsa hammaning ko‘z o‘ngida ekani, xato qilishga zarracha ham haqi yo‘qligini bilishi lozim. Pichoqbozlik bilan shug‘ullanish, bezorilik qilib yurish jahon chempioniga yarashmasligini tushunishi darkor. Agar tushunmaydigan bo‘lsa, haqiqiy sportda bundaylarga joy bo‘lmasligi lozim.

P.S. Ushbu holatlar bo‘yicha qator nomdor sportchilarning bayonot bilan chiqishini xohlardik. Ularning bu hodisalar, ayniqsa, Jamshid Kenjayev fojiasi bo‘yicha pozitsiyasi hozir barchaga muhim. Balki, professional sportchilar masalaning mohiyatini ochib berishga biroz bo‘lsa-da yordam berib yuborar.  

Otabek Nazarov

Mavzu
Tungi klubdagi fojia
9 avgust kuni kechqurun Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Aurum 898 tungi klubida (sobiq «Niagara») kelib chiqqan pichoqbozlik oqibatida erkin kurashchi, xalqaro toifadagi sport ustasi Jamshid Kenjayevning vafot etishi bilan bog‘liq voqea shov-shuvga aylandi.
Barchasi
Top