21:26 / 14.08.2018
9350

Aholini chuv tushirib kelgan elektr korxonasi ish o‘rganuvchisi jazoga tortildi

Foto: Flickr

Joriy yilning 2 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi tomonidan Jizzax shahar Mahalla jamg‘arma fondi binosida R.Orziqulov raisligida ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Unda ayblanuvchi A.Q. ustidan 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismining «b», «v» bandlari (o‘ta xavfli retsidivist tomonidan va uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab) bo‘yicha jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Ma'lum bo‘lishicha, A.Q. Jizzax tuman elektr ta'minoti korxonasining 2017 yil 2 fevralidan Jizzax tuman elektr ta'minoti korxonasida ish o‘rganuvchi vazifasida ishlab kelgan. U aholi xonadonlarini qaytadan ko‘rik o‘tkazish jarayonida, U.A yashab turgan xonadonga kelgan va elektr energiyasidan 820 ming so‘m miqdorida qarzdorligi borligini aytgan. Agar qarzni to‘lamasa, elektr energiyasini tarmoqdan uzib ketishini aytib, U.A.dan 100 AQSh dollari (o‘sha paytdagi qiymati – 330.335 so‘m)ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. 150 ming so‘miga to‘lov pattasi yozib bergan va qolgan pulni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan.

A.Q. jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2017 yilning 19 mart kuni R.E.ning yashash xonadoniga kelgan va elektr hisoblagich eskirib qolgani, yangisiga almashtirish kerakligini aytib shu kuni 100 ming so‘m, aprel oyi o‘rtalarida 50 ming so‘m, jami bo‘lib 150 ming so‘m olgan.

6 aprel kuni esa A.X.ning yashash xonadoniga kelgan va 200 ming so‘m qarzdorligi borligini aytgan. 200 ming pulni olgan, 100.000 so‘mlik to‘lov pattasi berib, qolgan 100.000 so‘m uchun to‘lov pattasini ertaga olib kelib berishga ishontirib, A.Xolnazarovning 100.000 so‘m pulini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan.

Shundan so‘ng, 13 aprel kuni N.B. ismli fuqaroga uch fazali elektr tarmog‘iga ulanishiga yordam berishga ishontirib, uning 500 ming so‘m pulini qo‘lga kiritgan. Keyingi kuni 200 ming so‘m pulni qaytarish sharti bilan olgan va bu pullarni o‘z cho‘ntagiga urgan.

Yuqoridagi jinoiy ishlarini o‘rgangan holda sud, A.Q.ga Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismining «b» bandi bilan, hamda 45-moddasi qo‘llanilib, 2 (ikki) yil muddatga elektr ta'minoti korxonalari tizimida har qanday vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qildi va oylik ish haqidan 25 (yigirma besh) foiz miqdorida davlat daromadi hisobiga ushlash sharti bilan 2 (ikki) yil muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar qoplanishi belgilandi.

Hukmdan norozi taraflar shikoyat yoki protest bildirishga haqliligi tushuntirildi.

Mavzuga oid
Top