20:20 / 14.08.2018
29918

Usmonov boshqa futbol klublariga investitsiya kiritishga tayyorligini ma'lum qildi

Foto: Andrey Rudakov / Bloomberg

Rossiyalik milliarder, boyligi 12,5 milliard dollarga baholangan Alisher Usmonov futbol uchun investitsiya qilishning yangi variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu uning o‘zi Bloomberg agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Avgust oyi boshida Usmonov «Arsenal»dagi aksiyalarini (30,3 foiz) klub aksiyalarining 67 foiziga egalik qiluvchi amerikalik milliarder Sten Kronkega sotishga rozi bo‘lgandi.

Usmonovning aytishicha, «Arsenal» aksiyalari sotuvidan keyin unga klublardan ko‘plab takliflar kelib tushgan. Xususan, u Angliyaning boshqa bir klubi - «Everton»ga investitsiya qilish ehtimolini inkor etmayapti. Ushbu klub aksiyalarining asosiy qismi rossiyalik milliarderning biznes hamkori, eronlik milliarder Farhod Moshiriga tegishli hisoblanadi.

«Biz Farhod Moshiri bilan do‘stmiz. Agar qo‘llab-quvvatlovim kerak bo‘lsa, men mamnuniyat bilan yordam beraman», degan u.

Shuningdek, uning qiziqishlari doirasida «Milan», «Roma» yoki «Bavariya» kabi klublari ham turibdi.

«Agar katta daromad qilish imkoniyatlari bor takliflar bo‘lsa, kelishuv tuzishim mumkin», degan Usmonov.

Usmonov «Arsenal»dagi 30 foizlik aksiyasini Sten Kronkega 550 mln funt evaziga sotgan. 

«Men «Arsenal»dan ulush sotib olganimda, men futbol brendlari foyda keltirishiga ishongandim. Aynan shunday bo‘ldi», — degan Usmonov.

Top