20:27 / 15.08.2018
36798
Ijobiy natija: Xalqlar do‘stligi san'at saroyini ta'mirlagan ishchilarga ish haqi tarqatildi 

Kuni-kecha «Xalqlar do‘stligi» san'at saroyini ta'mirlayotgan ishchilarning murojaatini o‘rgangan edik. Oylik ish haqi masalasida muammoga uchragan ishchilar «Kun.uz» saytiga murojaat qilishga majbur bo‘lishgandi.

Muammo tegishli tashkilotlar tomonidan zudlik bilan o‘rganildi. 

Kechaning o‘zida Moliya vazirligi tomonidan kerakli summa o‘tkazib berilgan. «Art alians» firmasi rahbariyati esa kechga yaqin xodimlarining ish haqlarini tarqatgan. 

Firma rahbari ham kecha moliyaviy muammolari sababli biroz stress holatida bo‘lgani, shu sababdan anglashilmovchilik bo‘lganini bildirib, uzrni so‘radi. U bunday holat avval bo‘lmagani, bundan keyin ham bo‘lmasligiga harakat qilishini aytdi. Uning ta'kidlashicha, ishchilarning ijtimoiy ta'minot masalasi ham doimiy nazoratga olingan.

Hozirda yurtimizning har bir chekkasida chinakam obodonchilik va qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Ayniqsa poytaxt - Toshkent shahrida. Bunyodkorlik ishlarini amalga oshirayotgan firmalar o‘z xodimlarining har tomonlama taminot masalalariga e'tiborini kuchaytirishi zarur deb hisoblaymiz. Zero, ularning mehnati og‘ir. Muammo paydo bo‘lishi oldini olishi zarur. Umid qilamizki, yuqoridagidek holatlar boshqa kuzatilmaydi. Qurilish firmasi va ishchilarga omad tilaymiz. Ularga yurtimiz ravnaqiga ko‘rk qo‘shishda davom etishlarini tilab qolamiz. Axir, barchamizning maqsadimiz bitta - vatanni obod qilish.

Solijonov Zafar

Top