11:30 / 15.08.2018
11426
Oliy ta'lim tizimini qanday yangilash mumkin?
Foto: Fotolia

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyundagi «Oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ta'lim sohasidagi islohotlarning jadal rivojlanishiga keskin impuls beradigan muhim hujjat sifatida keng jamoatchilik tomonidan e'tirof etilmoqda. 

Mazkur qarorning pirovard maqsadi oliy ta'lim tizimida tub o‘zgarishlar yasashga qaratilgan bo‘lib, uning ijrochisi o‘qituvchi shaxsining mavqeini jamiyat oldida tiklash, ta'limga aloqasi bo‘lmagan ishlarga  jalb qilinishiga chek qo‘yish, shu bilan birgalikda uning professionallik darajasini va mas'uliyatini oshirish, o‘qitish tizimiga yangi shakllarni joriy etish va boshqalarni nazarda tutadi. 

Bu qaror ta'lim islohotlari orasidagi juda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli biz mazkur qarordagi 3ta muhim holatga: oliy ta'limda ishlaydigan professor-o‘qituvchilar, rahbarlar va ta'lim sohasi bo‘yicha mutasaddilarning diqqatini tortmoqchimiz. Birinchisi, talabalar bilimini baholashning shaffof va adolatli, dars bergan o‘qituvchi ishtirok etmaydigan tizimni joriy qilish bo‘lsa, ikkinchisi, talabaning o‘zlashtirish darajasi - professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholashning asosiy mezoni sifatida olinishi, uchinchisi esa, professor-o‘qituvchilarni ishga olishda sinov darslarini o‘tkazishdir. Haqiqatan ham bu uch holat ta'lim sifati va samaradorligini belgilovchi asosiy omillar qatoriga kiradi. 

«To‘rachilik»ning davri o‘tdi

Tan olish lozimki, oliy ta'lim muassasalaridagi barcha professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar ham bu qarorning mazmun-mohiyatini to‘lig‘icha to‘g‘ri talqin qilayaptilar, deb bo‘lmaydi. Gohida professor-o‘qituvchilar tomonidan darsni bir o‘qituvchi o‘tsa-yu, imtihonni boshqa o‘qituvchi olsa, yoki mustaqil test nazorati o‘tkazilsa, dars o‘tgan o‘qituvchining fani to‘g‘ri va xolisona baholanadi-mi degan hadik ham uchrab turadi. Talabani xolisona va shaffof baholashning eng maqbul usullaridan biri bu fan o‘qituvchisi ishtirok etmagan (yoki uning ta'siri bo‘lmagan)test nazoratidir. Bu mexanizmni aksariyat professor-o‘qituvchilar qo‘llab-quvvatlaydilar, biz bunga aminmiz. Chunki OTMlarda ishlaydigan professor-o‘qituvchilarning nihoyatda ko‘pchiligi fidoyi va halol insonlar. Lekin shu bilan birga o‘qituvchilar ichida, ular ozchilik bo‘lsada, hali «to‘rachilik» kayfiyati bilan yurganlar ham bor. 

Bundan tashqari, modomiki, professor-o‘qituvchining faoliyati dars bergan guruhdagi talabalarning fanlarni o‘zlashtirish darajasi bilan belgilanar ekan, u holda o‘qituvchi hattoki fanni o‘zlashtira olmagan talabaga ham ijobiy baho qo‘yib, o‘zining reytingini ko‘tarishi mumkin, degan fikrlar ham yo‘q emas. Shuning uchun ham talaba bilimini baholashning xolisona, shaffof va dars bergan o‘qituvchidan bog‘liq bo‘lmagan baholash tizimini yaratish zaruriyati tug‘ilmoqda. Bu ikki holat o‘qituvchini o‘z ustida ishlashga olib kelishi bilan birgalikda talabani o‘qishga, ayniqsa, mustaqil ko‘proq shug‘ullanishga undaydi.

Bu mexanizm qanday ishlaydi?! Eng avvalo, har bir o‘quv yili yakunida OTMning har bir professor-o‘qituvchisining faoliyati baholanadi (imtihon qaydnomalari, xolis komissiya sinovlari asosida) va ular asosida fakultet (ta'lim yo‘nalishi yoki fan turi) va OTMning o‘rtacha ko‘rsatkichi aniqlanadi. Faraz qilaylik, universitetning 2019-2020 o‘quv yilidagi o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatgichi 78 ball. Bu o‘rtacha ko‘rsatgichdan yuqori natijalarga erishgan xodimlar rag‘batlantirishga, shartnomalar tuzishga tavsiya etiladi, bu ko‘rsatgichdan 2 marta (39 ball) va undan kam ko‘rsatgichli xodimlar bilan o‘quv-uslubiy boshqarma, dekanatlar ularning malakasini oshirish, malakali ustozlarni biriktirish va shunga o‘xshash tadbirlarni amalga oshiradi. Ana shundan keyin ham ijobiy natijalarga erishmagan xodimlarni boshqa ishga o‘tkazish yoki OTMdan ozod qilish masalasi komissiya tavsiyasiga ko‘ra rahbariyatga taqdimnoma kiritishi yoki Ilmiy kengash muhokamasiga olib chiqilishi ko‘zda tutilishi mumkin.

Endi ishlagan tishlaydi

Ko‘rinib turibdiki, bu mexanizm o‘qituvchini fidoyilikka, o‘z ustida ishlashiga majbur etadi. Ikkinchi tomondan esa o‘qituvchi talabani ko‘proq o‘qishga, mustaqil ishlashga undaydi. Talaba-o‘qituvchi tandemi, ya'ni «Ustoz-shogird» tizimi shakllanadi.

Mamlakatimizda yuz berayotgan demokratik jarayonlar tufayli ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistlarning ham, o‘qituvchilarning ham, shuningdek, vatan ravnaqiga befarq bo‘lmagan insonlarning ham oliy ta'limni yaxshilash bo‘yicha taklif-mulohazalari, tahlillari e'lon qilinmoqda. Jumladan, A.Karimovaning «Kun.uz»da nashr etilgan «Oliy ta'lim tizimi yangilanishi zarur» nomli maqolasida ham aynan «Oliy ta'lim muassasalarida talabalar bilimini baholash to‘g‘risida nizom»ga o‘zgartirish lozimligi bejiz ta'kidlab o‘tilmagan.

Yana bir muhim narsa – bu OTM professor-o‘qituvchisining keraksiz hisobot va topshiriqlarga bog‘lanib qolishi masalasi. Adliya vazirligi tomonidan 2015 yil oktabr oyida tasdiqlangan «Oliy ta'lim muassasasi professor-o‘qituvchilari tarkibinining o‘quv, ilmiy-metodik, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy-metodik, ma'naviy-axloqiy va tarbiyaviy ishlar yuklamasini aniqlash qoidalari»ini ham o‘zgartirish vaqti keldi. Ushbu hujjat asosida o‘qituvchi zimmasiga qo‘yilgani ko‘plab topshiriq va vazifalar ko‘zbo‘yamachilik va soxta hujjatlar qilinishga olib kelmoqda. Bu esa pedagog o‘qituvchining o‘z ustida ishlash vaqtini behuda sarflanishiga sabab bo‘lmoqda.

Ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizning barcha jabhalari kabi ta'lim sohasida ham ulkan muvaffaqiyatlarga erishimiz mumkin - qachonkim bizning tafakkurimizda tubdan o‘zgarish yuz bersa, boshqacha aytganda, eskicha yashash va ishlash «kayfiyati»dan xolos bo‘lsak.

Mo‘min Qodirov 
SamDU kafedra mudiri

Top