10:41 / 15.08.2018
7109

Toshkent halqa avtomobil yo‘lining 7,5 kilometrida chiroqlar o‘rnatildi

Illyustrativ foto

Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining tashabbusi bilan «Avtoyo‘l»ga qarashli M-39b Toshkent halqa avtomobil yo‘lidagi tungi yoritish chiroqlari taftishdan o‘tkazildi va yo‘lning yoritilmagan qismi yuzasidan tegishli tashkilotlarga taqdimnomalar kiritildi, deb xabar bermoqda poytaxt IIBB axborot xizmati.

Natijada, mutasaddi tashkilot va korxonalar tomonidan jami uzunligi 68 km. bo‘lgan Toshkent halqa avtomobil yo‘lining yoritilmagan 12 kilometr qismining 7,5 kilometr masofasida yoritish moslamalari o‘rnatildi. Tez orada yo‘lning qolgan qismida ham yoritish moslamalarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu esa o‘z navbatida ushbu hududda tunda sodir etilishi mumkin bo‘lgan og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga yordam beradi.

Shu bilan bir qatorda, Toshkent shahar IIBB YHXB va «Toshshaharnur» DUK hamkorligida shahrimizning ko‘cha va yo‘llarini kunning qorong‘i paytida yoritish sifatini yaxshilash borasida ham qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, poytaxt ko‘chalarida mavjud 120 mingdan ortiq tungi yoritish chiroqlarining 100 mingdan ziyodrog‘i zamonaviy diodli yoritish lampalariga almashtirildi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni mamlakatimiz Mustaqillik bayramining 27 yilligi arafasida yakuniga yetkazish mo‘ljallangan.

Top