11:04 / 16.08.2018
80831

Yagona maktab formasi: 2018/2019 o‘quv yilida o‘quvchilarning bu formalarda kelishi ixtiyoriy 

O‘zbekistonda yagona maktab formasi tasdiqlangani xabar qilingandi.

Qayd etilishicha, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarning ushbu maktab formalarida kelishlari ixtiyoriydir.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab esa majburiy hisoblanadi. 

Ushbu yagona maktab formasining shakllari xususiy maktablar, ixtisoslashtirilgan san'at va madaniyat maktablari va maktab-internatlari, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktablari va maktab-internatlari uchun tatbiq etilmaydi;

O‘quvchilar tomonidan maktab formasini kiyishda quyidagi talablarga rioya etilishi lozim:

- kiyimlarning o‘ta tor yoki o‘ta keng bichimda bo‘lmasligi;
- qizlar uchun yubkaning uzunligi tizzadan 5-15 sm pastda bo‘lishi;
- o‘g‘il bolalar uchun shimning uzunligi oyoq to‘pig‘idan pastda bo‘lishi;
- oyoq kiyimlar poshnasining 3 santimetrdan baland bo‘lmasligi;
- ko‘ylakning eng yuqoridagi faqat bitta tugmasidan tashqari boshqa tugmalarning qadalgan bo‘lishi;
- kiyimlarning toza va dazmollangan bo‘lishi.

O‘quvchilar ta'lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim, ta'lim muassasasida o‘tkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno.

O‘zbekiston Respublikasida aholi turli millat va diniy konfessiyalar vakillaridan iboratligi hamda majburiy umumiy o‘rta ta'lim dunyoviy xarakterga egaligi munosabati bilan o‘quvchilarning maktab formasiga turli din va konfessiyalar xamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ob-havo sharoitidan kelib chiqib, o‘quvchilar maktab formasining nimchasini yoki kostyumini, ko‘ylakning yengi uzun yoki kalta shaklini ixtiyoriy ravishda kiyishlari mumkin. Shuningdek, qishki o‘qish davrida o‘quvchi qizlarga yagona maktab formasiga mos shim kiyishga ruxsat beriladi.

O‘quvchilarning maktab formasini kiyish tartibiga rioya qilmaslik ta'lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzish deb baholanadi va bunday o‘quvchilarga quyidagi choralar qo‘llanishi mumkin:

- ogohlantirish;
- kundalik daftariga qayd etish;
- tushuntirish ishlarini olib borish uchun ota-onasini xabardor qilish;
- fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ta'lim muassasasidagi yig‘ilishlarda ota-onalar ishtirokida muhokama qilish.

Top