12:25 / 16.08.2018
3167
O‘zbek kinematografiyasiga bag‘ishlangan ilk jurnal nashrdan chiqdi

Toshkentdagi «Premier Hall» kinoteatrida «O‘zbekkino» MA vakillari va bir guruh san'atshunoslar, jurnalistlar ishtirokida yangi jurnal taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

«Kino san'ati» deya nomlanuvchi ushbu badiiy-publitsistik, ilmiy-ommabop jurnalda milliy va jahon kinosi tarixi, buguni haqida to‘liq ma'lumot olish mumkin. «O‘zbekkino» MA Bosh direktori birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev nashr haqida o‘z fikrlarini bayon etdi.

«2017 yil 29 dekabrda prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvida kinematografiya sohasiga doir alohida jurnal tashkil etish vazifasi qo‘yilgandi. Mana, vaqt o‘tib shunday jurnal dunyo yuzini ko‘rdi. Bu yerda kinoga taalluqli barchasini topa olasiz: o‘zbek va jahon kinosi tarixi, istiqbollari, bugungi holati, kino darg‘alarining oltinga teng fikrlari, tanqidiy mulohazalari mavjud. Shuningdek, yaratilayotgan milliy multfilm va hujjatli filmlar to‘g‘risida hamda kinoshunoslarning tanqidiy-tahliliy maqolalaridan boxabar bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lasiz», deya uning so‘zlarini keltirgan «Kun.uz» muxbiri.

Jurnal nafaqat shu soha vakillari, balki katta auditoriya uchun mo‘ljallangan bo‘lib, insonlarning kinomadaniyatini oshirishga xizmat qilishga qaratilgan.

Top