8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

17:16 / 17.08.2018 13804

Xayriya aksiyasi: Dunyoda ikki xil qo‘l bor...

Bir muddat avval ustozimdan bir dono fikr eshitgandim. «Aziz o‘quvchim! Tingla. Dunyoda ikki xil qo‘l mavjud. Bular oluvchi va beruvchi. Biri tinmay to‘playdi. Baxil. Hech kimga yordam bermaydi. Ikkinchisi saxiy. Yaxshi inson. Insonlarga yordam berib rohatlanadi. Oluvchi qo‘l yaxshi yeb, yaxshi yashashi mumkin. Lekin beruvchi qo‘l yaxshi uxlaydi», - degan edi ustozim. Jumla olam-olam ma'noga ega. Bu jumla asl inson qanday bo‘lishiga urg‘u beradi. Insonlarni mehr-muruvvatli, ochiq qo‘l va samimiy bo‘lishga undaydi. Ayni vaqtda, hayot haqiqatini o‘quvchiga ko‘rsatib beradi.

«KUN.UZ» jamoasi Toshkent shahrida joylashgan Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutidagi ko‘makka muhtoj insonlar holidan xabar oldi. Leykoz - oq qon bilan og‘rigan bemorlarning shifokori va yaqin qarindoshlari bilan bog‘landik.

Avvaliga bemor Hosilbek Qurbonaliyevni borib ko‘rdik. Bemor Toshkent viloyatidan kelgan. 1 yildan beri shu kasallikka qarshi kurashib kelmoqda. Ota-ona ishsiz. Onasi Nargiza opaning aytishicha, oila shu vaqtgacha yig‘ib qo‘yganlari, qarindosh-do‘stlari bergan mablag‘larni sarflab kelgan. Endi esa mablag‘dan qiynalib qolishgan. Buning ustiga opa gepatit «S» kasalligidan muntazam davolanib turadi. Yangi davolatish bosqichiga ketadigan dori-darmonlarga anchagina mablag‘ ketadi.

«Bolam mashina ustasi bo‘lmoqchi. Tuzalishiga yordam qilinglar. Iltimos orzulari ushalishiga ko‘maklashing», - deydi bemorning onasi. 

Ikkinchi bemorimiz Dilnoza Rasulova. U og‘ir xastalik bilan 2018 yilning mart oyidan beri davolanmoqda va hozirda davolatishning muhim bosqichida. Onasi Shohida xolaning so‘zlariga ko‘ra, dorilar qimmatligi sabab oila ancha qiynalib qolgan. Er-xotin ishsiz. Oilaning ikki farzandi bor. O‘shalarning baxtiga qizi tuzalishini istaydi.

«Tuzalsam o‘zimga o‘xshagan insonlarga yordam beraman. Farzandlarim uchun yashashim kerak. Kasallikdan sabr qilishni o‘rgandim. Kuch va sabr bo‘lmasa bu kasallik sizni yengar ekan. Hech kimga ravo ko‘rmayman. Orzularim bor. Farzandlarimni eliga xizmat qiladigan inson qilib tarbiyalash», - deydi bemor Dilnoza Rasulova.

Bemorlardan yana biri Sirdaryo viloyatidan kelgan Erkinov Akbarjon. Akbar shu yilning 6 aprelidan beri davolanmoqda. Davolashning 4-bosqichiga yetib kelgan. Shifokorlar bemor tuzalib ketishiga umid borligini aytishgan. Onasi Shahnoza opaning aytishicha, ota oddiy ishlarda ishlaydi. Farzandining orzusi harbiy bo‘lish, vataniga xizmat qilish. 

«Allohning sinovi ekan. Dushmanga ham ravo ko‘rmayman. Bolam tuzalsa bas. Ishonaman, yaxshi insonlar bor. Ular yordamga keladi albatta», - deydi onasi Shahnoza Baynazarova.

To‘rtinchi bemor Farg‘ona viloyatidan kelgan. Farzandi Abdulloh o‘tkir leykoz bilan kasallangan. 10 kundan beri davolanmoqda. Bola kasallangani tufayli bu yil maktabdan ham qoldi. Otasi olamdan o‘tgan. Boquvchisini yo‘qotgan oila yaxshilar ko‘magiga muhtoj. Onasi Gulmera opaning so‘zlashicha, farzandi Abdulloh katta bo‘lsa, onasi uchun chiroyli uy qurmoqchi. Birga yashashni orzu qiladi. Ichki ishlar xodimi bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilgan Abdulloh. Orzulari ushalsin. 

So‘nggi bemorimiz Namangan viloyatidan kelgan Abubakr Haydarov. U joriy yilning 2 aprelidan beri davolanmoqda. Oila boquvchisi kunlik ishlarda ishlaydi. Topgani oiladan ortmayapti. Davolanishning 2-bosqichiga yetgan kelgan oila yaxshilar ko‘magiga muhtoj.

«Tushkunlikka tushib qoldik. Shu vaqtgacha qarindoshlar, tanishlar yordam berishdi. Lekin hozir juda qiynalmoqdamiz. Bolam ichki ishlar xodimi bo‘lishni orzu qiladi. Vataniga xizmat qilishni istaydi. Yordam beringlar bizga. Hech bo‘lmasa duoda bo‘linglar», - deydi bemorning onasi Nafisa Tojiboyeva.

Aziz va saxovatpesha, xayr-ehsonni xush ko‘rib, ixlos bilan qiluvchi vatandoshlar, «KUN.UZ» sayti sizlarga yana bir bor murojaat qiladi, ushbu bemorlar davolanishlari uchun saxovat qo‘llarini cho‘zaylik. Zotan, ularning onalari uchun farzandini sog‘-salomat yurib, kamolini ko‘rishdan ortiq baxt yo‘q dunyoda! Zora qodir Alloh bizning moddiy yordamimiz sabab bo‘lib vatandoshlarimizga shifoi-komil ato etsa, ularning ko‘zlari quvonchdan porlasa!

Teglar

Top