22:40 / 17.08.2018
29336
OAV Xitoyda amerikalik 30 nafar josus qatl etilganidan xabar topdi

2017 yilda The New York Times nashri AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) tarixidagi eng yirik muvaffaqiyatsizliklardan biri haqida yozgandi. Unga ko‘ra, Xitoyda 2010 yildan 2012 yilgacha o‘nlab amerikalik agentlar hibsga olingani va o‘ldirilgani, o‘nlab yillar davomida yaratilgan razvedka tarmog‘i esa deyarli barbod bo‘lgani ma'lum qilingan.  

AQShda ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan tergov davomida MRBning sobiq xodimi Jyerri Chun Shin qo‘lga olingan. Amerikalik agentlarni xitoyliklarga aynan Shin sotgani taxmin qilingan. 2018 yil 15 avgustda AQShning Foreign Policy nashri Xitoyda MRBning 30 xodimi va ularning xitoylik manbalari qatl etilgani, razvedka tarmog‘i esa nafaqat sotqin, balki aloqa tizimidagi xatolar sababli fosh qilingani haqida maqola chop etdi.

MRB va Federal qidiruvlar byurosining maxsus komissiyasi muvaffaqiyatsizlikka uch omil – sotqinlik, agentlarning pala-partish ishlashi va aloqa tizimidagi sizib chiqishlar sabab bo‘lgani haqidagi fikrga kelgan.

Nashr manbalarining ma'lum qilishicha, MRB yangi agent bilan ishlaganda, odatda vaqtinchalik aloqa tizimidan foydalanadi. Bu tizim kuratorga agent bilan masofadan muloqot qilishga imkon beradi, biroq yangi manba qo‘sh agent bo‘lishi holatiga xavfsizlikni ta'minlash uchun MRBning asosiy tarmog‘idan to‘liq ajralgan.

Aniqlanishicha, MRBning vaqtinchalik tizimi texnik xatoga ega bo‘lgan. Bu xato tufayli u orqali MRB ishonchli manbalar bilan aloqa qilishda foydalanadigan umumiy tizimga kirish mumkin bo‘lgan.

Taxmin qilinishicha, xitoylik mutaxassislar qo‘sh agent yoki Li tomonidan oshkor qilingan manbalardan birining kompyuteri orqali vaqtinchalik tizimga kira olishgan va undan umumiy bazaga kirib, butun tarmoqni fosh qilishgan bo‘lishi mumkin.

Xitoyda MRB qo‘llagan aloqa tizimi dastavval Yaqin Sharqdagi operatsiyalar uchun yaratilgan. Foreign Policy manbasining ta'kidlashicha, u yerda razvedka umuman boshqacha spetsifikaga va pastroq xavfsizlik darajasiga ega, xitoylik mutaxassislar esa ancha yaxshiroq o‘rgatilgan. 

Nashrning yozishicha, yuz bergan voqea amerikalik razvedkachilarning manbalardan axborot olishning kam darajada texnologik usullari afzalliklari haqida o‘ylashlariga olib kelgan. Endilikda Xitoyda MRBning ko‘plab xodimlari ko‘proq vaqt olsa-da, o‘z agentlari bilan shaxsan uchrashishni afzal ko‘rmoqdalar.

Top