11:30 / 17.08.2018
11199

Hukumat to‘qimachilik korxonalari uchun paxta sotib olish shartlarini yengillashtirdi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “To‘qimachilik sanoati korxonalarini yanada rag‘batlantirish va ularning raqobatbardoshligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 yilgi paxta tolasi hosilini ishlab chiqarish va 2018 yilning yanvar-avgust oylarida yetkazib berishning asosiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risida” 2018 yil 18 yanvardagi PQ-3483-son qarori bilan tasdiqlangan paxta tolasi balansining amal qilish muddati 2018 yil 15 avgustda tugagan.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq paxta tolasi to‘qimachilik korxonalarining ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda birja savdolari orqali quyidagi tartibda cheklovlarsiz sotiladi:

a) 2017 yilgi hosil uchun - narxining 15 foizini oldindan to‘lash, qolgan 85 foiziga bank kafolati berish va yakuniy hisob-kitobni 90 kun mobaynida amalga oshirish;

b) 2018 yilgi hosil uchun - narxining 35 foizini oldindan to‘lash, qolgan 65 foiziga bank kafolati berish va yakuniy hisob-kitobni 90 kun mobaynida amalga oshirish.

Qaror bilan Vazirlar Mahkamasining ““O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati korxonalarida ishlab chiqarilgan paxta tolasini sotish va hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish to‘g‘risida” 2018 yil 12 fevraldagi 106-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra:

1. 5-bandga quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshilar qo‘shildi:

“Bunda mahalliy to‘qimachilik korxonalariga paxta tolasi birja savdolarida quyidagilar asosida milliy valyutada sotiladi:

2017 yilgi hosil uchun - narxining 15 foizini oldindan to‘lash, qolgan 85 foiziga bank kafolati berish va yakuniy hisob-kitobni 90 kun mobaynida amalga oshirish;

2018 yilgi hosil uchun - narxining 35 foizini oldindan to‘lash, qolgan 65 foiziga bank kafolati berish va yakuniy hisob-kitobni 90 kun mobaynida amalga oshirish”.

2. 1-ilovada:

a) 12-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etildi:

“tasdiqlangan ulgurji preyskurant narxlardan past darajada bo‘lganda, qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olgan holda, respublika tashkilotlari uchun paxta tolasini sotishda paxta tozalash zavodlari amalda yuklab jo‘natish kunida birjada haqiqatda yuzaga kelgan narxlardan kelib chiqib, qo‘shilgan qiymat solig‘ini quyidagi formula bo‘yicha hisoblaydi: 20/120 ga ko‘paytirilgan haqiqiy sotish narxi (qo‘shilgan qiymat solig‘i = haqiqiy sotish narxi x 20/120)”;

b) 17-bandning to‘rtinchi xatboshidan “Jamg‘armaga “O‘zpaxtasanoat” AJning olingan mablag‘lar bo‘yicha qarzdorligini qoplash hisobraqamiga yoki” so‘zlari chiqarib tashlandi.

3. 2-ilovada:

a) 14-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“14. Paxta tolasi mahsulotlarini sotuvchilar tomonidan yetkazib berish 100 foiz oldindan haq to‘lash shartlarida amalga oshiriladi.

Bunda mahalliy to‘qimachilik korxonalariga paxta tolasi birja savdolarida quyidagilar asosida milliy valyutada sotiladi:

2017 yilgi hosil uchun - narxining 15 foizini oldindan to‘lash, qolgan 85 foiziga bank kafolati berish va yakuniy hisob-kitobni 90 kun mobaynida amalga oshirish;

2018 yilgi hosil uchun — narxining 35 foizini oldindan to‘lash, qolgan 65 foiziga bank kafolati berish va yakuniy hisob-kitobni 90 kun mobaynida amalga oshirish”;

b) 17-band quyidagi tahrirda bayon etildi:

“17. Xaridorlar:

birjada avans bilan ta'minlangan hajmlardagi mahsulotni sotib olishga bitimlar tuzish;

paxta tolasini tekshirish va mahsulotni xarid qilish bo‘yicha bitim shartlariga muvofiq miqdorda va sifatda tanlash;

tovarni qabul qilish-topshirish dalolatnomasi imzolanguniga qadar (birja bitimida kelishilgan uni yetkazib berish shartlarini bajarish) paxta tolasi saqlanadigan joylarda uni tekshirish (tanlash) dalolatnomasini tuzishni talab qilish huquqiga ega”;

v) 19-banddagi “tuzilgan birja bitimiga” so‘zlaridan keyin “ushbu Nizomning 14-bandiga muvofiq” so‘zlari qo‘shildi;

g) 20-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“20. HKKP oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq zarur mablag‘lar tushgandan keyin bir ish kunida ushbu Nizom talablariga muvofiq sotuvchining shaxsiy kabinetiga to‘langan bitimlar to‘g‘risidagi reyestrni yuborishi shart”;

d) 21-band kuyidagi tahrirda bayon etiladi:

“21. Sotuvchi HKKPdan sotib oluvchi tomonidan oldindan to‘lov to‘langani to‘g‘risidagi ma'lumotni olgandan keyin ushbu Nizomning 14-bandiga muvofiq mahsulotni xaridorga 3 ish kuni mobaynida paxta terminalining G‘SA shartlarida yoki yetkazib berishning birja bitimida kelishilgan boshqa shartlarida yetkazib beradi.

Sotuvchi tovarni yetkazib berish bo‘yicha birja bitimida kelishilgan shartlarni bajargandan so‘ng sotuvchi va xaridor ro‘yxatdan o‘tkazilgan birja bitimi bo‘yicha mahsulotni topshirish-qabul qilish to‘g‘risida dalolatnoma tuzadilar”.

4. Paxta tolasini birja savdolarida sotish to‘g‘risidagi Nizomga ilova qilingan Birja savdolarida xaridorlarga sotiladigan paxta tolasi uchun hisob-kitob qilish sxemasi VI bosqichining “Tadbirlar” ustunida:

a) 1-banddagi “moliyaviy majburiyatlarni to‘liq qoplash uchun mablag‘lar” so‘zlari “zarur mablag‘lar” so‘zlari bilan almashtirildi;

b) 2-band quyidagi tahrirda bayon etildi:

“2. Birjaning HKKP sotuvchiga ushbu Nizom talablariga muvofiq tushgan mablag‘lar bo‘yicha to‘langan bitimlar reyestrini yuboradi va bu paxta tolasini topshirish-qabul qilish dalolatnomasini rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi”.

Mavzu
Paxta-2018
O‘zbekistonda 2018 yilgi paxta terimi mavsumi bo‘lib o‘tmoqda
Barchasi
Mavzuga oid
Top