21:10 / 19.08.2018
15507

Ravshan Haydarov nega natijasi ahamiyatsiz o‘yinda ham tarkibda rotatsiyalar qilmaganini tushuntirdi

Foto: Hasan Pirmuhammedov

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Osiyo o‘yinlari guruh bosqichining 3-turida Tailandga qarshi kechgan va 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan o‘yindan keyingi matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Murabbiydan nega natijasi ahamiyatsiz bo‘lgan o‘yinda asosiy tarkib futbolchilariga dam bermagani haqida so‘rashdi.

«Yigitlar ancha vaqtdan buyon bir-birini juda yaxshi biladi. Doston Hamdamov hamisha yordam bera olmasligi mumkin, shu tufayli uning pozitsiyasida o‘ynovchi Azizbek Turg‘unboyevga imkoniyat berildi. Jaloliddin Masharipovni Azizbek o‘yinga moslashishi oson bo‘lishi uchun bu o‘yinda ham maydonda qoldirdim. Jaloliddin katta hajmdagi ishni bajarmoqda.

Ha, bugun hal qiluvchi o‘yin emasdi. Lekin, biz har bir o‘yinda g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Qolaversa, asosiy tarkib futbolchilarida motivatsiya yo‘qolmasligi, futbolchilarda erinchoqlik paydo bo‘lmasligi, o‘yin tempi tushmasligi uchun ko‘p rotatsiyalar qilmadik. Tailand ham kuchli raqib edi va keyingi o‘yinga asosiy tarkibni shunday o‘yin orqali tayyorlashni maqsad qildik.

Ha, futbolchilar jarohatlar olishi xavfi bor edi, yaxshiyamki, bunday bo‘lmadi», deya murabbiyning so‘zlarini keltirmoqda «Kun.uz» muxbiri.

Haydarovdan keyingi bosqichda qaysi terma jamoa raqib bo‘lishini istayotganini so‘rashgan.

«Avvalambor, men raqib tanlamayman. Bu turnirga faqat birinchi bo‘lish uchun kelganmiz, kim raqib bo‘lishidan qat'i nazar g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Shu tufayli, raqib tanlash noto‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Indoneziya tushsa ham odatdagidek tayyorgarlik ko‘rib, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatamiz», degan murabbiy.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasiga pley-off bosqichida A, C yoki D guruhida 3-o‘rinni egallagan terma jamoalardan biri raqib bo‘lishi mumkin. A guruhida oxirgi turdan oldin Falastin, Hongkong va Indoneziya terma jamoalari 1, 2 va 3-o‘rinlarni egallab turibdi. C guruhida BAA, D guruhida Pokiston olimpiyachilari 3-o‘rinlarni egallagan. O‘zbekistonning raqibi 20 avgust kuni aniq bo‘ladi. 1/8 final o‘yini 23 avgustga belgilangan.

Top