14:00 / 20.08.2018
8892

Davit Modzmanashvili yarim finalga chiqdi, ayollar kurashida bronza uchun imkoniyat bor

Bugun, 20 avgust sanasida Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari davom ettirilmoqda.

Bugun erkin kurash bo‘yicha ayollar jamoasining 3 vakili, erkaklar jamoasining bir vakili bahslarga qo‘shildi.

125 kg vazn toifasida ishtirok etuvchi Davit Modzmanashvili nimchorak finalda indoneziyalik Dimas Septo Anugharaga qarshi gilamga chiqib, birinchi raunddayoq hisobni 10:0 ko‘rinishiga keltirdi va sof g‘alabaga erishib, keyingi bosqichga chiqdi.

Foto: Anvar Ilyasov

U chorak finalda mo‘g‘ulistonlik Natsagsuren Zolboo ustidan 3:0 (1:0, 2:0) hisobida g‘alaba qozondi va yarim finalga yo‘l oldi.

Foto: Anvar Ilyasov
Foto: Anvar Ilyasov

Endi u final yo‘llanmasi uchun eronlik Parviz Hadizodaga qarshi bahs yuritadi.

Ayollar kurashida esa 50 kg vazn toifasida ishtirok etuvchi Dauletbike Yaxshimuratova nimchorak final bahsida vetnamlik raqibasi Nguen Ti Xuan ustidan 12:2 (0:2, 12:0) hisobida g‘alaba qozondi.

Unga chorak finalda mo‘g‘ulistonlik Erdensuk Narangerel raqib bo‘ldi. O‘ta qiyin kechgan bahs davomida ochkolar bo‘yicha ortda borgan (1:0, 4:6) O‘zbekiston vakili bahs oxirida raqibining kuragini yerga tekkizib, sof g‘alabaga erishdi.

Foto: Anvar Ilyasov
Foto: Anvar Ilyasov

Ammo yarim final uning uchun omadsiz kechdi. Hindistonlik Vinesh Vineshga qarshi kurashgan Yaxshimuratova 0:10 hisobida yutqazdi. U endi bronza uchun kurashadi.

O‘zbekistonning 53 kg vazn toifasidagi vakili Sevara Yeshmuratova nimchorak finalda yaponiyalik Okuna Xarunaga 0:10 hisobida (0:8, 0:2) mag‘lub bo‘ldi. Agar Xaruna finalga qadar yetib borsa, Yeshmuratovada bronza medal uchun kurashish imkoni paydo bo‘ladi.

Foto: Anvar Ilyasov

57 kg vazn toifasidagi Nabira Yesenbayeva ilk jangida indoneziyalik Ayuningtias Mutiarani muddatidan oldin 7:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Lekin u chorak finalda hindistonlik Danda Pujaga yutqazib qo‘ydi - 1:12 (0:4, 1:8). Hind sportchisi yarim finalda shimoliy koreyalik sportchiga yutqazdi va Yesenbayeva turnirdagi ishtirokini yakunladi - unda bronza medali uchun kurashish imkoniyati qolmadi. 

Top