23:29 / 20.08.2018
8692
Oliy ta'lim vazirligidagi yig‘ilishda hududlarda OTMlarning filiallarini tashkil etish zarurligi qayd etildi  

Bugun, 20 avgust kuni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligida oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirish, tizimga zamonaviy menejment va marketingni joriy qilish orqali sohani rivojlantirish va boshqa dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda hududlarda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalaridagi mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda oliy ta'lim muassasalarining filiallarini tashkil etish, kadrlar tayyorlashning zamonaviy ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.  

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

Oliy ta'lim muassasalari boshqaruvini takomillashtirish, yangi mutaxassislik va yo‘nalishlarni tashkil etish borasida ular oldida turgan vazifalar hamda tizimga zamonaviy menejment va marketingni keng joriy qilish orqali oliy ta'lim muassasalarini tom ma'noda ta'lim markaziga aylantirish vazifalari muhokama qilindi. 

Bundan tashqari, ta'lim sifatini zamon talablari darajasida tashkil etish, o‘quv jarayoniga innovatsion ilg‘or tajriba va o‘qitish metodlarini joriy etish, yangi ta'lim xizmatlarini joriy orqali xorijiy fuqarolarni respublika oliy ta'lim muassasalariga jalb etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi. 

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

Bunda oliy ta'lim muassasalariga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning nufuzli oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, fakultet va dasturlarni amalga oshirish, o‘zaro tajriba almashish, birgalikda ilmiy faoliyat yuritish borasida faoliyatni takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

Videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi rahbariyati va mutaxassislari, oliy ta'lim muassasalari rektorlari, filiallar direktorlari ishtirok etdi.

Top