22:00 / 23.08.2018
8690

Bolton Rossiyani 2018 yilgi saylovlarga aralashishdan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi

Foto: REUTERS / Denis Balibouse

AQSh prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton RF Xavfsizlik kengashi kotibi bilan muzokaralar chog‘ida Moskvani shu yilning noyabr oyida AQShda bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlarga aralashuvdan xazir bo‘lishga chaqirganini aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda Reuters agentligi.

«Men 2018 yilgi saylovlarga aralashishlariga toqat qilolmasligimiz va buning oldini olish uchun tegishli qadamlarni tashlashga tayyorligimizni aniq-tiniq qilib tushuntirishga harakat qildim», — degan Jon Bolton Jyenevada Nikolay Patrushev bilan bo‘lib o‘tgan besh soatlik muzokaralar yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

AQSh allaqachon Rossiyaga qarshi ularning 2016 yildagi saylovlarga ehtimolli aralashuvi uchun sanksiyalar joriy qilib bo‘lgan. Moskva barcha ayblovlarni rad etib keladi.

Bolton, shuningdek, Eronga qarshi iqtisodiy sanksiyalar masalasini ham ko‘targan, ular rossiyalik hamkasbi bilan Suriya hududidan Eron qo‘shinlarining bosqichma-bosqich olib chiqib ketilishi masalasini muhokama qilishgan.

Eron masalasi bo‘yicha Bolton AQSh Tehron bilan yadro kelishuvidan chiqqach, Tramp ma'muriyati yanada qat'iy va samarali ta'sir o‘tkazuvchi sanksiyalarni joriy etib, «rejimga maksimal darajada bosim o‘tkazish» maqsadini ko‘zlamoqda.

Eronning Suriyadagi mojarolarda tutgan o‘rni haqida gapira turib, Bolton shunday degan: «Maqsadimiz — Eron qo‘shinlarini Eronga qaytarish… Biz bir necha variantlarni muhokama etdik, ularga ko‘ra buni bir necha bosqichda amalga oshirish mumkin».

Top