12:00 / 24.08.2018
8018

Osiyo o‘yinlari. Jiu-jitsuda ikki o‘zbekistonlik chorak finalga chiqdi

Bugun, 24 avgust kuni Indoneziyada Osiyo o‘yinlarining oltinchi kungi bahslari o‘tkazilmoqda. O‘zbekistonlik sportchilar bugun sportning 10 turi bo‘yicha musobaqalarga kirishishgan.

Jiu-jitsu bo‘yicha O‘zbekistonning ikki vakili chorak finalga chiqdi. 

- 56 kg vazn toifasida bahslarda ishtirok etayotgan Doston Ro‘ziyev 1/16 finalda mo‘g‘ulistonlik Byaanduren Gantumurni 4:0, keyin 1/8 finalda tailandlik Singchalad Payungsakni 6:0 hisobida mag‘lub etdi.

Foto: Anvar Ilyasov
Foto: Anvar Ilyasov

Shu vazn toifasidagi Akmal Amirov esa 1/16 finalda iroqlik Muhammad Ismoil al-Mashhadiyni 4:0 hisobida yengdi, 1/8 finalda esa tailandlik Suvijak Kuntongni 13:4 hisobida mag‘lub etdi.

Foto: Anvar Ilyasov
Foto: Anvar Ilyasov

- 69 kg vazn toifasidagi Homidjon Mo‘minov 1/16 finalda bahraynlik Maytam Sabbani 5:2 hisobida yenggandi, ammo u keyingi bosqichda qozog‘istonlik Nortoy Kajyekovga 0:2 hisobida yutqazib qo‘yib, turnirdagi ishtirokini yakunladi.

Shu vazn toifasidagi yana bir o‘zbekistonlik Asadullo Bozorov ishtirokini 1/8 finalda boshlab, shu bosqichda tugatdi. U ilk jangdayoq iroqlik Al Alabd Ali Ahmad Sabohga 0:2 hisobida yutqazib qo‘ydi.

Penchak Silat bo‘yicha -65 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Abdumalik Salimov ilk jangida eronlik Muhammad Rahimbalani 3:0 hisobida mag‘lub etdi va yarim finalga yo‘l oldi. U yarim final jangini 26 avgust kuni indoneziyalik Pratama Iqbol Sandraga qarshi o‘tkazadi.

Shu sport bo‘yicha O‘zbekistonning yana bir vakili, -55 kg vazn toifasidagi Munisa Rabbimova esa kunning ikkinchi yarmida bahslarga kirishadi. Uning ilk raqibi vetnamlik Tran Ti Tem bo‘ladi.

Biroz avvalroq Akademik eshkak eshuvchilar jamoasi yana bir kumush medalni qo‘lga kiritishgandi va O‘zbekiston hisobidagi kumush medallar soni 9taga yetgandi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston umumiy reytingda 4 oltin, 9 kumush va 7 bronza medal bilan o‘ninchi o‘rinda joylashgan.

Mavzuga oid
Top