18:01 / 25.08.2018
7763

Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga import qilingan dondan olingan unni eksport qilishga ruxsat berildi

Foto: dg-yug.ru

Vazirlar Mahkamasining “Donni qayta ishlovchi korxonalarni qo‘shimcha ravishda qo‘llab-quvvatlash va ularning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga, ularning tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar, o‘zlari import qilgan donni qayta ishlash orqali ishlab chiqarilgan unni eksport qilishiga ruxsat berildi.

Bunda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan eksport qilinadigan un miqdori ular tomonidan import qilingan don miqdorining 75 foizidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Belgilab qo‘yilishicha: 

2018 yilning 1 sentabridan boshlab donni qayta ishlovchi korxonalarning mahsulotlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan aylanma tushum hajmidan don qiymatini chiqarib tashlab hisoblash tartibi joriy etiladi;

2019 yilning 1 yanvariga qadar donni qayta ishlovchi korxonalar don, un va nonni sotishda davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan ozod etiladi;

2020 yilning 1 yanvariga qadar O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan qator don mahsulotlari bojxona to‘lovlarini (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) to‘lashdan ozod etiladi.

Belgilab qo‘yilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi eksport shartnomalarini hisobga qo‘yishda ushbu qarorning 1-bandida ko‘rsatilgan shartlarning xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan bajarilishi nazorat qilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi va «O‘zdonmahsulot»AK bilan birgalikda ikki hafta muddatda «O‘zdonmahsulot» AK tizimidagi korxonalarni hamda non ishlab chiqaruvchilarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va ularning rentabelligini ta'minlash maqsadida un va non narxini shakllantirish tartibini takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Mavzuga oid
Top