09:50 / 26.08.2018
47594

Abdulla Aripov majlisbozlikka chek qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov davlat organlari va idoralar rahbarlariga, jumladan mahalliy hokimiyatlarga aniq ish reglamentini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

24 avgust kuni imzolangan shoshilinch topshiriqqa binoan quyidagilar belgilangan:

Majlisbozlik bo‘yicha

- yig‘ilishlarni keskin kamaytirish va grafik-reja asosida haftasiga 2-3tadan ko‘p o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

- yig‘ilish o‘tkazish vaqtini respublika darajasida 2 soatdan, viloyat, shahar va tumanlar darajasida 1-1,5 soatdan oshirmaslik;

- kunning noqulay paytlarida (ya'ni tong saharlab yoki yarim kechada) yig‘ilishlar o‘tkazishni qat'iyan cheklash hamda yig‘ilishga bevosita aloqasi bo‘lmagan korxonalar, idoralar va jamoat tashkilotlarining rahbar va xodimlarini, fermer va tadbirkorlarni umuman taklif etmaslik;

- olis hududdagi rahbar va xodimlarni mahalliy hokimliklarda o‘tkaziladigan majlislarga asossiz va behuda chaqirmaslik, shuningdek, so‘zga chiquvchilar uchun aniq vaqt reglamenti 5-7 daqiqadan oshmasligini nazorat qilish zarurligini belgilash;

- yig‘ilishlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, respublika va viloyat darajasida o‘tkaziladigan yig‘ilishlarni aksariyat hollarda video- va audioselektor ko‘rinishida o‘tkazish, tuman (shahar) darajasidagi yig‘ilishlarni esa asosan joylarga chiqqan holda, korxona va tashkilotlar, fermer xo‘jaliklari va mahallalarda o‘tkazishni tashkil etish topshirig‘i berildi.

Xizmat safarlari bo‘yicha

Respublika markaziy idoralaridan turli komissiyalar va ishchi guruhlarning hududlarga yuborilishiga ruxsat faqatgina Hukumat (kompleks) rahbari tomonidan tizim asosida amalga oshirilishi joriy etiladi va xizmat safarlarining natijadorligi alohida nazoratga olinadi.

Ortiqcha qog‘ozbozlik bo‘yicha

Ortiqcha qog‘ozbozlikka keskin chek qo‘yish, shu jumladan quyi idoralardan va mahalliy hokimliklardan hech kimga keragi bo‘lmagan ma'lumotlar va hisobotlarni talab qilish amaliyotiga qat'iyan barham beriladi.

Selektorlar bo‘yicha

Vazirlar Mahkamasida selektor yig‘ilishlari faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ruxsati bilan tashkil etiladi.

Mavzuga oid
Top