10:00 / 27.08.2018
17873
Anons. Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin oldidan

Indoneziyada XVIII Osiyo o‘yinlari davom etmoqda.

Bugun futbol turniri doirasida chorak final bahslari o‘tkaziladi. Bu bosqichda Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi janubiy koreyalik raqiblarga qarshi maydonga tushadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 14:00da boshlanadi.

Chorak final doirasida quyidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi:

14:00 – O‘zbekiston – Janubiy Koreya
14:00 – Saudiya Arabistoni – Yaponiya
17:30 – Suriya – Vetnam
17:30 – BAA – KXDR

O‘zbekiston – Janubiy Koreya
O‘zbekiston olimpiyachilari turnirda 4 o‘yinda bitta ham gol o‘tkazmagan ikki jamoadan biri bo‘lib turibdi (13:0). O‘zbekistonliklar guruh bosqichida B guruhida 100 foizlik natija qayd etishdi, avvaliga Bangladesh 3:0 hisobida mag‘lub etildi, Qatar darvozasiga 6ta javobsiz gol yo‘llandi, Tailand bilan o‘yinda esa minimal ustunlik saqlab qolindi - 1:0. O‘zbekiston guruh bosqichida 9 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rindagi Bangladesh 4 ochko bilan ikkinchi bo‘ldi. 

Nimchorak finalda esa Ravshan Haydarov qo‘li ostidagi jamoa Hongkongga 3ta gol urib, darvoza daxlsizligini saqlab qoldi.

4 o‘yinda 4 gol urgan Zabihullo O‘rinboyev jamoaning asosiy to‘purari bo‘lib turibdi. Shuningdek, Ikrom Aliboyev hisobida 3ta, Dostonbek Hamdamov va Javohir Siddiqov hisobida 2tadan gol bor.

Janubiy Koreya turnirning asosiy favoritlaridan. E guruhida ishtirok etgan janub koreyslari dastlab Bahraynni tiz cho‘ktirishdi - 6:0. Ikkinchi turda esa kutilmaganda Malayziyaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lindi. Qirg‘izistonga qarshi uchinchi tur o‘yinida kichik hisobdagi g‘alaba qayd etildi va jamoa Malayziyadan keyin ikkinchi o‘rin bilan guruhdan chiqdi. O‘z-o‘zidan keyingi bosqichda kuchli raqib tushdi. Eronga qarshi qiyin o‘yinda Janubiy Koreyaning qo‘li baland keldi - 2:0.

Janubiy Koreya ham turnirga kuchli tarkib bilan kelgan. 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tashqari tarkibga jalb etilgan 3 nafar yoshi katta futbolchilar qatorida «Tottenhem» hujumchisi Son Xyon Min ham bor. U terma jamoa bilan Osiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lish orqali 2 yillik armiya xizmatidan xalos bo‘lishni istaydi. Agar u maqsadiga erisha olmasa, qolganlar qatori armiyada xizmat qilishi lozim, bu holda uning London klubidagi kelajagi xavf ostida qoladi.

Ma'lumot uchun, Janubiy Koreyada rohiblar va Olimpiada chempionlari, shuningdek, Osiyo olimpiadasi qatoridagi Osiyo o‘yinlari g‘oliblari ham armiyadan ozod etilishi mumkin (2002 yil futbol bo‘yicha Janubiy Koreya terma jamoasi mundialda yarim finalgacha yetib borgach, istisno tariqasida mamlakat qahramonlari deya tan olingan futbolchilar ham armiyadan ozod qilib yuborilgandi).

Tarkibda yoshi 23 dan katta yana bir futbolchi bor: Xvang Ui-Jo. U Yaponiyaning «Gamba Osaka» klubida to‘p suradi. 

Shuningdek, Janubiy Koreya tarkibida «Verona» futbolchisi Li Song Vu, «Red Bull Zaltsburg» a'zosi Xvang Xi Chan ham bor.

Saudiya Arabistoni – Yaponiya
Saudiyaliklar juda kuchli guruhga tushib qolishdi. F guruhi Eron, Shimoliy Koreya, Myanmar va Saudiya Arabistoni vakillaridan tashkil topgandi. Guruhda Eron birinchi, shimol koreyslari ikkinchi, saudiyaliklar uchinchi bo‘lishdi.

Saudiya Arabistoni dastlab Eron bilan nursiz durang qayd etdi - 0:0. Ikkinchi turda Myanmar ustidan ishonchli g‘alabaga erishildi - 3:0. Shimoliy Koreya esa saudiyaliklar darvozasini 3 bor ishg‘ol qildi - 3:0.

Saudiya Arabistoni nimchorak finalda Xitoyga qarshi kechgan shiddatli bahsda 4:3 hisobida g‘alaba qozondi. 

Yaponiya D guruhida kutilmaganda Vetnamdan ortda qolib ikkinchi o‘rinni egalladi. Kunchiqar yurt vakillari birinchi turda kamtargina Nepalni kamtar hisob bilan mag‘lub etishdi, ikkinchi turda Pokiston ustidan 4:0 hisobida g‘alaba qozonildi, guruh g‘olibligi uchun Vetnam bilan kechgan o‘yin esa 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat bilan tugadi.

Yaponiya nimchork final bosqichida Malayziya bilan to‘qnash kelib, yana minimal hisobdagi g‘alaba bilan kifoyalandi - 1:0.

Suriya – Vetnam
Suriya C guruhida ishtirok etdi. Suriyaliklar BAAni 1:0 hisobida yengdi, Xitoyga 0:3 hisobida yutqazdi, Timor bilan bahsda 5:2 hisobida g‘alaba qozondi va guruhda Xitoydan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi.

Suriyaga nimchorak finalda Falastin raqiblik qildi. Suriyaliklar bu o‘yinda 1:0 hisobida ustun kelishdi.

Vetnam yuqorida aytilganidek Yaponiya bilan bir guruhda birinchi o‘rinni egalladi. Vetnamliklar turnirda hanuzgacha o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolayotgan ikkinchi jamoadir: birinchi turda Pokiston ustidan 3:0, ikkinchi turda Nepal ustidan 2:0, uchinchi turda Yaponiya ustidan 1: 0 hisobidagi g‘alabalar qayd etildi.

Pley-offning birinchi o‘yinida Vetnam Bahraynni mag‘lub etdi - 1:0.

BAA – KXDR
Birlashgan arab amirliklari vakillari guruh bosqichini juda ishonchsiz o‘tkazishdi va C guruhida Xitoy hamda Suriyadan keyingi uchinchi o‘rinni egallashdi. Jamoa Suriyaga 0:1, Xitoyga 1:2 hisoblarida yutqazdi, faqat Timor ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozonildi.

Nimchorak finalda BAAga mezbon Indoneziya raqiblik qildi. O‘yinning asosiy vaqti 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi, penaltilar seriyasida BAA ustun keldi (4:3).

KXDRdan har qanday natijani kutish mumkin. Ma'lum ma'noda, bu jamoani turnirning «qora toychog‘i»ga qiyoslash mumkin. Shimoliy koreyaliklar guruh bosqichida autsayder Myanmar bilan 1:1 hisobidagi durang qayd etishdi, keyingi o‘yinda Eronga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lindi, uchinchi turda esa Saudiya Arabistoni 3:0 hisobida taslim etildi. Bu guruhda barcha 4 jamoa 4tadan ochko to‘pladi, Myanmarga 0:2 hisobida yutqazishgan bo‘lishsada, Eronda to‘plar nisbati nisbatan yaxshiroq edi va eronliklar birinchi o‘rinni egalladi (3:2). KXDR 4:4 ko‘rinishidagi to‘plar nisbati bilan ikkinchi, Saudiya Arabistoni 3:3 ko‘rinishidagi to‘plar nisbati bilan uchinchi bo‘ldi.

Nimchorak finalda KXDRga Bangladesh ortiqcha qarshilik ko‘rsata olmadi, birinchi bo‘limdayoq 3 gol urib olgan shimol koreyslari ustunlikni saqlab qolishdi - 3:1.

O‘zbekiston – Janubiy Koreya juftligi g‘olibi yarim finalda Suriya – Vetnam bahsida ustun kelgan jamoa bilan o‘ynaydi. BAA – Shimoliy Koreya juftligi o‘rtasidagi uchrashuvda g‘olib chiqqan jamoaga esa yarim finalda Saudiya Arabistoni va Yaponiya jamoalardan biri to‘qnash keladi. Yarim final uchrashuvlari 29 avgust kuniga belgilangan.

Mavzu
Osiyo o‘yinlari
18 avgustdan 2 sentyabrgacha Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida XVIII Osiyo O‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Turnirda qit'aning 45 mamlakatidan 10 mingga yaqin sportchi ishtirok etadi. Sportchilar Indoneziyada 40 ta sport turi bo‘yicha bellashadi.
Barchasi
Top