08:22 / 27.08.2018
31551

Avtotransport vositalarining davlat raqam belgilarini egallab olganlik uchun qanday jazo belgilangan?

Foto: KUN.UZ

Hozirda fuqarolarning xavfsizligi, huquqlari va erkinliklari, qonuniy manfaatlari huquq-tartibot idoralari xususan, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan munosib ta'minlab kelinmoqda. Ular joylarda mahalla faollari va ta'lim muassasalari vakillari bilan hamkorlikda huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish maqsadida turli ko‘rinishlardagi targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqdalar.
 
Ammo ayrim hollarda fuqarolar tomonidan o‘ylab, o‘ylamay qilinayotgan ishlar kishi e'tiborini tortmay qo‘ymaydi. Ayniqsa, fuqarolarning avtomototransportlardagi davlat raqam belgilarining yo‘qolishi yoki qasddan shikast yetkazilishi shulardan biridir, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida 1 avgust kuni noma'lum shaxs Naqqoshlik ko‘chasida yashovchi B.Z.ning uyi oldida qarovsiz qoldirilgan “VAZ-21011” rusumli avtomashinaning old va orqa qismidagi davlat raqam belgilarini yechib ketgan. Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Yunusobod tumanida yashovchi muqaddam sudlangan S.O. va Shayxontohur tumanida yashovchi E.S.lar sodir etganliklari aniqlanib, ushlanganlar. Shunga o‘xshash holatlar nafaqat kecha balki o‘tgan vaqt ichida fuqarolar tomonidan bir necha marotaba sodir etilgan.

Avtomototransportlarga berilgan davlat raqam belgilari fuqaro yoki yuridik shaxslarning shaxsiy mulki emasdir. Davlat raqam belgilari avtomototransportlarga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida berilgan raqam hisoblanadi. Avtomototransport boshqa shaxsga yoki yuridik shaxsga sotilganida (hadya qilinganida, o‘tkazilganida) davlat raqam belgilari Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining tegishli bo‘limlariga topshiriladi. Avtotransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 227-moddasida jinoiy javobgarlik belgilangan.

227-modda: Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish.

Korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning qat'iy hisobidagi hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, shuningdek avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, xuddi shuningdek ularni nobud qilish, ularga shikast yetkazish, ularni yashirish g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda sodir etilgan bo‘lsa.

eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:

a) pasport, harbiy bilet yoki boshqa muhim shaxsiy hujjatlarga nisbatan yoxud o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa;
b) og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Top