15:52 / 27.08.2018
55068

Odamlar bilan bellashma, ulardan ibrat ol (hayotiy masallar)

Foto: Unsplash

Hayotda ibrat bo‘luvchi voqealar juda ko‘p sodir bo‘ladi. Shu sababmi qadim qadimdan umr falsafasini sodda yo‘l bilan tushuntirishda masallardan foydalanilgan. Ushbu kichik ijod mahsullarida keluvchi obrazlar va ularning xatti-harakati misolida insonlarga ezgulik yo‘lini ko‘rsatishga e'tibor qilingan. Quyida ham ana shunday masallarni o‘qib, mulohaza yuritish mumkin.

Baqaning harakati

Bir baqa qiziqqonlik qilib, ko‘l bo‘yida unutib qoldirilgan ko‘zaning ichidagi sutga tushib ketdi. Vaqqillab do‘stlarini yordamga chaqirdi. Do‘stlari kelib qarashsa, ko‘zaning ichi chuqur, undan chiqishning sira iloji yo‘q. Ular do‘stining urinishlari foydasiz ekanligini aytib, uni noshudlikda ayblab, taqdiriga ko‘nishdan boshqa chorasi yo‘qligini aytishdi. Lekin baqa harakat qilishdan to‘xtamadi. Natijada ko‘zaning ichidagi sut qatiqqa aylanib, baqaning undan chiqishiga imkon tug‘ildi. Baqa o‘z harakatlari bilan o‘zini-o‘zi ozod qildi.

Alqissa, maqsad sari qilingan tinimsiz harakat, albatta, o‘z natijasini beradi.

Terak

Tog‘ yon bag‘ridagi soy yonida bir terak o‘sardi. Yil o‘tib yon atrofidagi barcha daraxtdan baland bo‘lib ketdi. Bo‘yiga ishongan terak o‘zini ko‘z-ko‘z qilib, endi tog‘dan baland bo‘lib ketmoqchi bo‘ldi. Afsus, maqsadiga yetolmadi. Terak qancha tez o‘sgan bo‘lsa, shuncha tez kesilib yog‘och bo‘ldi.

Alqissa, buyuklar bilan bellashish foyda bermaydi. Ulardan ibrat olish kerak.

Tovusning qilmishi…

Tovus dunyoda go‘zallikda menga yetadigan qush yo‘q deb o‘ylardi. Shuning uchun har kuni patlarini yoyib, chiroyini ko‘z-ko‘z qilardi. Hamma parrandayu darrandalar uning husniga havas bilan boqardi. Bir kuni tovus bulbulni ovozini eshitdiyu, hasadi kelib ketdi. Chunki, barcha qushlar jimitdekkina bulbulni ovozini maroq bilan tinglardi. Tovus o‘zicha o‘yladi: chiroyimni barchaga ko‘z-ko‘z qilib kuylasam, bulbul mening oldimda ip esha olmaydi… Keng maydonga chiqib chiroyli patlarini yoyib, barchani o‘z atrofiga yig‘di va kuylashni boshladi. Tovusning bu ishini ko‘rganlar kulgudan o‘zini tiya olmadi. Siz ham bir eshitib ko‘ring, tovus bulbuldek kuylay oladimi?

Qushlar demokratiyasi

Bir gala chug‘urchuq daraxt shoxlariga qo‘nib olib, bir-biriga gal bermay chug‘urlashishardi. Biri osmon bizniki xohlagan tomonga uchishimiz mumkin, g‘arb tomonga uchamiz desa, biri yo‘q quyosh chiqadigan tomonga uchamiz deb o‘z fikrini ma'qullardi. To‘satdan qirg‘iy paydo bo‘lib, qushlar orasidan bittasini changallab olib ketdi. Chug‘urlashishayotgan qushlar sezishmadi. Birozdan so‘ng, daraxt kovagidan o‘rmalab chiqqan ilon bir qushni o‘z domiga tortib, kovakka kirib ketdi. Qushlar buni ham sezishmadi. Zum o‘tmay, yerda yurgan mushuk fursatdan foydalanib, daraxtga chiqdida bir qushni bo‘g‘izlab pastga olib tushdi. Qushlar hamon chug‘urlashishardi. Har biri o‘zicha haq, bir-birini eshitishni xohlamasdi. Ovchi o‘qining ovozidan so‘ng to‘rt-beshtasi yerga qulab, qushlar o‘ziga keldi va hammasi har yoqqa uchib ketdi.

Shodi Jahon

Top