14:20 / 28.08.2018
11070

Osiyo o‘yinlarida tarixda ilk marta o‘zbek kurashi bo‘yicha musobaqalar boshlandi. O‘zbekiston vakillari birinchi bosqichdan o‘tdi

Indoneziyada bo‘lib o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida ilk marta o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha bahslar boshlandi.

Bugun O‘zbekiston jamoasining 6 nafar vakili bahslarga qo‘shildi. O‘zbekistonlik kurashchilardan 4 nafari saralash bosqichida ishtirokini boshladi va 4 sportchi ham ilk bahslarda g‘alaba qozonib, nimchorak finalga chiqdi.

Dastlab gilamga chiqqan, -66kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Ma'ruf G‘aybulloyev mezbonlar vakili - Timur Aprilianda Adini 10:0 hisobida mag‘lub etdi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

-66kg vazn toifasida gilamga chiqqan boshqa bir o‘zbekistonlik sportchi Ruslan Bo‘riyev esa mo‘g‘ulistonlik Jargalsayxonni mag‘lub etib (1:0), keyingi davraga yo‘l oldi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

+90 kg vazn toifasidagi Nurbek To‘rayev ham ilk jangida livanlik raqibi Fadel Jadni 10:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va 1/8 finalga yo‘l oldi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

Ishtirokini saralashdan boshlagan, -52 kg vazn toifasidagi Gulnora Sulaymonova ham indoneziyalik Maya Sari Sembiringga hech qanday imkoniyat qoldirmadi - 10:0.

Bugun O‘zbekistonning yana ikki vakili chorak finalda o‘z ishtirokini boshlaydi. Bular -52 kg vazn toifasidagi Oysuluv Abdumajidova hamda +90 kg vazn toifasidagi Muhsin Hisomiddinov. Abdumajidovaning ilk raqibi turkmanistonlik Anastasiya Makayeva bo‘ladi, Hisomiddinov ilk bahsni yaponiyalik Tatsumi Kavaguchiga qarshi o‘tkazadi.

Mavzuga oid
Top