09:09 / 28.08.2018
5472
O‘zbekiston va Rossiya maxsus kuchlarining qo‘shma mashg‘ulotlari o‘z nihoyasiga yetdi  
Foto: MTRK «MIR»

O‘zbekiston va Rossiyaning maxsus kuchlari bo‘linmalari Rossiyaning Samara viloyatida qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazishdi. Mashg‘ulotlar 80 kmlik piyoda marsh bilan yakunlandi. Bu haqda 27 avgustda Rossiya Markaziy harbiy okrugi matbuot xizmati ma'lum qildi.

“Mashg‘ulotlar 24 avgustdan 27 avgustgacha 4 kun davom etdi, maxsus kuchlar kunduzi va tungi vaqt jangovar harakatlarni mashq qilishdi. Turli o‘qotar qurol va yaqin jang uchun mo‘ljallangan vositalardan joyida turgan holda va harakatda jangovar o‘q uzishlar bajarildi, ko‘p kilometrlik marshlar amalga oshirildi, pistirmalar qo‘yish va hujum qilish mashqlari bajarildi, asirlarni ozod qilish bo‘yicha vazifalar mashq qilindi”,  deb ta'kidlangan xabarda. 

Mashg‘ulotlar davomida maxsus kuchlar shartli dushman egallangan hudud ichkarisiga tashlangan va ular vazifalarni bajargach, Mi-8 vertolyotlari va “Tayfun-K” zirhli avtomobillarida olib chiqilgan.

“Amaliy mashg‘ulotlar 27 avgust kuni dushmanning qurollangan avtokolonnasiga hujum bilan yakunlangan. Mashg‘ulotlarning yakunlovchi bosqichining o‘ziga xos tomoni omon qolish va niqoblanishning turli unsurlari mashq qilingan 80 kmga piyoda marsh bo‘lgan”, deb qo‘shimcha qilingan xabarda.

Mashg‘ulotlar O‘zbekiston Mudofaa vazirligi va Rossiyaning Markaziy harbiy okrugi  o‘rtasida avval erishilgan kelishuvlar doirasida o‘tkazilgan.

Top