21:30 / 29.08.2018
11369

Toshkentda bir guruh firibgarlarga hukm o‘qildi

2018 yilning avgust oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Sudlanuvchilar B.Mirobidov va J.Mirobidovlarga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Aniqlanishicha, B.Mirobidov va J.Mirobidov o‘zaro oldindan jinoiy til biriktirib, o‘zgalar mulkini aldash va ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida jinoyatga qo‘l urishadi. Jumladan, ular 2017 yilning 5 noyabr kuni M.Ergashovning ishonchiga kirib, Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Temur Malik va Mingbuloq ko‘chalari kesishmasida, B.Mirobidovning nomiga rasmiylashtirilgan, “AGROBANK” tomonidan berilgan va hisobida 40.020.001,26 so‘m miqdoridagi pullari bo‘lgan plastik kartochkani berib, evaziga aldash yo‘li bilan M.Ergashovdan 4.000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni qo‘lga kiritishadi. Shundan so‘ng, shu kunning o‘zida B.Mirobidov plastik kartochka hisobidagi pul mablag‘larini ukasi Mirobidov Shahboz Mirshohid o‘g‘lining plastik kartochkasiga o‘tkazib, firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan 4.000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni J.Mirobidov bilan birgalikda o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborishgan.

Sud     J.Mirobidov va B.Mirobidovlarni O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 168-moddasi 2-qismi “a,b” bandlarida ko‘rsatilgan (firibgarlik, ancha miqdorda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib) jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi va shu moddaga asosan ularga har oylik ish haqining 20 (yigirma) foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Hukmdan norozi taraflar shikoyat yoki protest bildirishga haqliligi tushuntirildi.

Top