22:20 / 30.08.2018
13032

YeChLning o‘tgan mavsumidagi eng yaxshilar e'lon qilindi

«Real» darvozaboni Keylor Navas Chempionlar ligasining 2017/18 yilgi mavsumining eng yaxshi darvozaboni sifatida tan olindi. U YeChLning yangi mavsumi uchun qur'a tashlash marosimi vaqtida mukofot bilan taqdirlandi.

Mavsumning eng yaxshi darvozaboni bo‘lish uchun «Liverpul» darvozaboni, o‘tgan mavsumda «Roma» darvozasini qo‘riqlagan Alison Beker hamda «PSJ» darvozaboni, o‘tgan mavsumda «Yuventus» safida YeChL o‘yinlarida qatnashgan Janluiji Buffon ham da'vogar edi.

Navas «Real» bilan Chempionlar ligasida g‘olib chiqqandi. Kosta-Rikalik darvozabon turnir doirasida 11 o‘yinda maydonga tushib, 13 gol o‘tkazgan va 29 marta seyv amalga oshirib, jamoani muqarrar gollardan saqlagan.

Navas «Real»ga 2014 yili «Levante»dan o‘tgandi. U madridliklar klubi bilan qatorasiga 3 marta Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi, bir marta Ispaniya chempioni, Ispaniya Superkubogi va UYeFA Superkubogi g‘olibi bo‘ldi.

Qur'a tashlash marosimi davomida YeChLning o‘tgan mavsumidagi eng yaxshi himoyachi nomi ham e'lon qilindi.

Bu mukofotga «Real»ning 3 a'zosi - jamoa sardori Serxio Ramos hamda Marselo va Rafael Varan da'vogar edi. Uchlikdan Serxio Ramos eng kuchlirog‘i deb topildi.

Ramos Madrid jamoasi bilan YeChLning o‘tgan mavsumida 11 o‘yinda maydonga tushgandi.

Ramos «Real»ga 2005 yili «Levante»dan o‘tgandi. O‘tgan vaqt mobaynida u madridliklar bilan 4 marta YeChLda g‘olib bo‘ldi, shuncha marta Ispaniya chempioniga aylandi, ikki marta mamlakat Kubogini, 3 martadan Ispaniya Superkubogi va UYeFA Suprekubogini qo‘lga kiritdi.

«Real»ning xorvatiyalik yarimhimoyachisi Luka Modrich Chempionlar ligasining o‘tgan mavsumidagi eng yaxshi yarimhimoyachi sifatida e'tirof etildi.

Ushbu mukofotga Modrichning jamoadoshi Toni Kroos va «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Kevin De Bryuyne ham da'vogarlik qilgandi.

O‘tgan mavsumda «Real» bilan chempion bo‘lgan, shu yozda «Yuventus»ga o‘tgan portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu YeChLning 2017/18 yilgi mavsumining eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Ushbu mukofotga «Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh va «Barselona» hujumchisi Lionel Messi ham da'vogarlik qilgandi.

Mavzuga oid
Top