16:23 / 30.08.2018
15890

Osiyo o‘yinlari. Navbatdagi oltinni Jandriyev oldi. O‘zbekistonlik kurashchilarda jami 12 medal

Osiyo o‘yinlarida o‘zbek kurashi bo‘yicha musobaqalarning -90 kg vazn toifasidagi oltin va kumush medallar O‘zbekiston vakillari o‘rtasida taqsimlandi.

Yahyo Imomov va Shermuhammad Jandriyev o‘rtasidagi bahs Jandriyevning 11:10 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi va u Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi. Imomov esa kumush medal bilan taqdirlanadi.

Qayd etish kerakki, final bahsiga Yahyo Imomov kichik jarohat bilan yetib kelgandi.

Jandriyev nimchorak finalda turkmanistonlik Sanjar Abdirahmonovga qarshi murakkab bahs o‘tkazib, yakunda g‘alabaga erishdi. U keyingi raqibi, afg‘onistonlik Shirzad Aziziyni osonlik bilan yengib, yarim finalga chiqdi.  Final ostonasida esa kuvaytlik Misri Husayn mag‘lub etildi.

Yahyo Imomov ishtirokini saralashdan boshladi. U dastlab eronlik Qosim Ahadivaranluni taslim etdi.

Finalga qadar yo‘lda u hindistonlik Divesh, turkmanistonlik Guvanch Begaliyev va qozog‘istonlik Yersultan Muzapparovdan ustun keldi.

Shu tariqa, o‘zbekistonlik kurashchilar Osiyo o‘yinlarida 6ta oltin, 2ta kumush va 4ta bronza olib, O‘zbekiston delegatsiyasining eng sermahsul jamoasiga aylanishdi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi oltin medallar soni 15taga yetdi. Umumiy reytingda O‘zbekiston jami 52ta medalga (15-19-18) egalik qilgan holda oltinchi o‘rinni mustahkamladi.

Top