11:04 / 31.08.2018
12984

Musulmonlar genotsidida ayblangan Myanma harbiylari «VKontakte»dan «boshpana» topdi

Foto: U Aung / Xinhua / Global Look Press

Rossiyaning «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘ida Myanma armiyasining bosh qo‘mondoni Aunga Xlaynning sahifasi paydo bo‘ldi. Uning nomi rohingya musulmonlarini genotsid qilish haqidagi BMT hisobotida tilga olingandi, deb yozmoqda RBK.

Avvalroq, Xlaynning sahifasi  Facebook ma'muriyati tomonidan bloklangandi. Ta'kidlanishicha, «VKontakte»dagi sahifasi aynan Myanma armiyasining bosh qo‘mondoniga tegishli ekani harbiy manbalar tomonidan tasdiqlangan. «Myanma armiyasi VK orqali yangi foydalanuvchilarni jalb qilishni boshlaganiga oid belgilar mavjud», - deyiladi xabarda.

Hozirgi paytda sahifa 16 mingdan ortiq obunachiga ega. Ijtimoiy tarmoq vakillarining aytishicha, guruhlarda va foydalanuvchilar sahifalarida e'lon qilinadigan ma'lumotlarni monitoring qilish uchun birma tilida gaplasha oladigan moderatorlar yollangan. «Zo‘ravonlik chaqiruvlari bilan bog‘liq e'lonlar moderatorlarimiz jamoasi tomonidan o‘chiriladi va ularni joylashtiradigan foydalanuvchilar bloklanadi», - deya qayd etdi ular. 

Avvalroq,  BMT Myanmada musulmonlar qatliom qilinganini ma'lum qilgandi.

Myanma harbiylari qatliom maqsadida musulmon rohingya xalqini ommaviy ravishda qirgan va zo‘rlagan. Bu haqda BMT tergovchilarining ma'ruzasida ma'lum qilindi. Hujjatda qayd etilishicha, davlat maslahatchisi Aun San Su Chji boshchiligidagi fuqarolik hukumati kam sonli xalqqa nisbatan nafrat targ‘ibot qilinishiga ruxsat bergan, hujjatlarni yo‘q qilgan va rohingyalarni harbiylarning ularga qarshi jinoyatlaridan himoya qila olmagan. Hukumat shu tarzda yovuzliklarga o‘z hissasini qo‘shgan.

Top