18:28 / 31.08.2018
14784

Osiyo o‘yinlari. O‘zbekistonlik sambochilar ikkita medal olishdi

Indoneziyada bo‘lib o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sambo jamoasi ikki medal oldi.

O‘zbekiston jamoasining -48 kg vazn toifasida turnirga tashrif buyurgan vakillari Nodira Gulova hamda Madina Turg‘unboyeva bronza medal uchun o‘zaro gilamga chiqdi. Ikki o‘zbekistonlik sportchi o‘rtasidagi bahsda Nodira Gulovaning 3:0 hisobidagi g‘alabasi qayd etildi va u Osiyo o‘yinlari bronza medali sovrindoriga aylandi.

Gulova nimchorak finalda vetnamlik San Ti Hongni osonlik bilan mag‘lub etdi (4:0). Ammo chorak finalda mo‘g‘ulistonlik Oydovchimed Basansurenga imkoniyatni boy berib qo‘ydi (0:2). Shundan so‘ng, Gulova bronza medali uchun o‘tish bahslarida qatnashdi. Avvaliga qozog‘istonlik Nazgul Yelmuratovani, so‘ng qirg‘izistonlik Anara Jumali qizini yenggan Gulova bronza uchun gilamga chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Madina Turg‘unboyeva nimchorak finalda turkmanistonlik Ayna Zaripovani, chorak finalda esa eronlik Elham Bahramiyni yengdi. U yarim finalda mo‘g‘ulistonlik Narantsetseg Ganbatar bilan bellashdi va 0:4 hisobida yutqazib qo‘ygan va bronza uchun kurashadigan bo‘lgandi.

Bugungi bahslarda yana ikki nafar o‘zbekistonlik sambochi bahslarda ishtirok etdi. 

-52 vazn toifasidagi Ahmad Rahmatulloyev esa bronza uchun tojikistonlik Jomi Hasaniy bilan kurashdi va 2:0 hisobidagi g‘alabaga erishib, Osiyo o‘yinlari sovrindoriga aylandi.

Ahmad Rahmatulloyev nimchorak finalda indoneziyalik Muhammad Vahyudi to‘sig‘idan o‘tdi (3:1). Ammo chorak finalda qozog‘istonlik Beymbet Kanjanovga mag‘lub bo‘ldi (1:3). Shundan so‘ng bronza medal uchun o‘tish bahslarida ishtirok etgan Rahmatulloyev avvaliga tojikistonlik Somon Sangov bilan bellashdi va g‘alaba qozondi (3:0). U ikkinchi bosqichda raqibi suriyalik Husn Munirni ham taslim etdi (3:0) va bronza uchun kurashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston sharafini -52 kg vazn toifasida himoya qilgan yana bir sambochi Islom Ahmedjanov esa bronza medal uchun qozog‘istonlik Beymbet Kanjanov bilan bellashdi va 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Qayd etish kerakki, Ahmedjanov bronza uchun janggacha 4 marta gilamga chiqqandi.

U ilk bahsdayoq tojikistonlik raqibi Jomi Hasaniydan yengildi (0:4). Jomi Hasaniy yarim finalga yetib borgach, Ahmedjanovda bronza uchun o‘tish o‘yinlarida ishtirok etish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Shundan so‘ng u 3 bosqichdan iborat o‘tish o‘yinlarida qatnashdi. Ahmedjanov avvaliga eronlik Sohil Jamalabadiy ustidan g‘alaba qozondi (2:0), keyingi bosqichda indoneziyalik Mavlana Muttaqindan ustun keldi (4:0). O‘tish o‘yinlarining final bosqichida esa yaponiyalik Kota Yamamotoga qarshi gilamga chiqqan Islom Ahmedjonov yana g‘alaba qozonib, (4:0) va bronza uchun kurashadigan bo‘lgandi.

Endilikda O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi bronza medallar soni 23taga yetdi. O‘zbekiston umumiy reytingda 57 medal bilan (15 oltin, 19 kumush va 23 bronza) yettinchi o‘rinda qolmoqda.

Mavzuga oid
Top