08:50 / 02.09.2018
80414
AQShning Sobiq ittifoqni yo‘q qilish bo‘yicha rejalari oshkor qilindi
Foto: National Nuclear Security

AQSh 1960-yillarda Sobiq ittifoq va Xitoyni yetakchi sanoat davlatlari sifatida yo‘q qilish rejasini tayyorlagan. Bunda amerikalik harbiylar ushbu davlatlar fuqarolarini ommaviy qirish imkoniyatini ko‘rib chiqqanlar. Bu haqda “Milliy xavfsizlik arxivi” notijorat tashkiloti saytida e'lon qilingan sharhda aytilgan.

Tadqiqotchilar 1964 yildagi Yagona integratsiyalashgan tezkor reja (SIOP) hujjatlariga e'tibor qaratishgan. Ularda Sobiq ittifoqni “yirik sanoat davlatlari toifasidan chiqarish” uchun sanoat salohiyatining 70 foizini yo‘q qilish maqsadida yadroviy, harbiy va sanoat obektlariga yadroviy zarba berish zarurligi aytilgan. Shu tariqa "yashovchan jamiyat" sifatida ittifoqni yo‘q qilish ko‘zlangan.

Bunda AQSh aholining ommaviy qirg‘ini imkoniyatiga yo‘l qo‘ygan. 1961 yildagi hisob-kitoblarga ko‘ra, SIOP rejasiga ko‘ra zarba berilishi ittifoq shaharlarining 71 foiz aholisining, 1962 yildagi hisob-kitoblarga ko‘ra esa 70 mlnlik aholisining yo‘q qilinishini ko‘zda tutgan.

Shu bilan birga AQSh shtablari boshliqlari qo‘mitasi Sobiq ittifoq ustidan g‘alabaning bosh mezoni sifatida aholini yo‘q qilish g‘oyasini ko‘rib chiqqan.  

SIOP AQSh qurolli kuchlari tomonidan yadro qurolini jangovar qo‘llash bo‘yicha batafsil tartib-qoidalarni tashkil etuvchi tezkor hujjatlar maxfiy majmuasi hisoblanadi.

2015 yil dekabrda AQShning arxivlar va hujjatlar bosh boshqarmasi AQShning 1959 yildagi atom bombardimonlarining ehtimoliy nishonlari ro‘yxatini oshkor qilgan. Bu ro‘yxat o‘z ichiga Sobiq Ittifoq, Sharqiy Yevropa va Xitoydagi yuzlab joylarni o‘z ichiga olgan. Ular orasida Moskvadagi 179 ta, Sankt-Peterburgdagi 145 ta va Sharqiy Berlindagi 91 ta nishon bo‘lgan.

Top