10:20 / 02.09.2018
5354

BAA o‘zi ishlab chiqargan ilk sun'iy yo‘ldoshni orbitaga olib chiqmoqchi

Foto: NASA

BAAda to‘liq ishlab chiqarilgan ilk sun'iy yo‘ldosh joriy kuzda Yer orbitasiga olib chiqiladi. Gulf News nashrining ma'lum qilishicha, bu voqea 29 oktabrda yuz beradi.

KhalifaSat sun'iy yo‘ldoshini yaratish bo‘yicha ishlar 2013 yildan beri olib borilgan.  Uni yaratish ustida Dubaydagi Muhammad bin Rashid nomidagi koinot markazining 100 dan ko‘proq mahalliy muhandisidan iborat jamoa mehnat qilgan. Qurilma ikkita turli rakursdan va bittada bir nechta obektni suratga oluvchi hamda olingan suratlarni bir suratga birlashtiruvchi kuchli kamera bilan jihozlangan. Shu tariqa 1,5 ming kmlik hududning tasvirini olish mumkin.    

Sun'iy yo‘ldoshni atrof-muhitni monitoring qilish va undagi o‘zgarishlarni baholash, falokatga uchragan kemalarning o‘rni, yo‘nalishi va tezligini aniqlash uchun qo‘llash rejalashtirilgan. Sun'iy yo‘ldosh olgan suratlar shaharsozlik, xaritashunoslik va topografiyada qo‘l keladi.  

Sun'iy yo‘ldosh Yaponiyadagi Tanegasima kosmodromidan H-IIA raketasi yordamida orbitaga chiqariladi. Raketa Yaponiyaning aerokoinot tadqiqotlari agentligi buyurtmasiga ko‘ra Mitsubishi Heavy Industries kompaniyasi tomonidan yaratilgan.

Top