19:00 / 04.09.2018
5894

«O‘zto‘qimachiliksanoat»: To‘qimachilik mahsulotlari eksport hajmini 7 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan

4 sentabr kuni Toshkent  Birinchi Xalqaro to‘qimachilik anjumanida bir qator xalqaro ekspertlar o‘z ma'ruzalari bilan qatnashishdi.

Anjumanda  «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi rahbari  Ilhom Haydarov ham qatnashib, milliy to‘qimachilik sanoatining tarixi, buguni va kelajakdagi rejalar to‘g‘risida taqdimot qildi.

«O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoati 1932 yilda boshlangan. O‘sha yili Samarqandda hozirgacha faoliyat olib borayotgan to‘qimachilik korxonasi ochildi. Bu sektorga yuqorida aytilganidek, 3 mlrd dollar investitsiya kiritildi va hozirda 150 mingdan ortiq malakali kadrlar shu sohada faoliyat olib borishmoqda. Har yili 15 mingta yangi ish o‘rni yaratilmoqda. Shuningdek, 2018 yilda to‘qimachilik mahsulotlari eksport hajmi 1.5 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. 2025 yilga borib ko‘rsatkichni 7 mlrd. dollarga yetkazishni niyat qilganmiz. Buni amalga oshirish uchun bir qancha xorijiy hamkorlarimiz, jumladan, Janubiy Koreya, Hindiston, Shveytsariya, Rossiya, Singapur va Xitoyning yetakchi to‘qimachilik kompaniyalari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. 2020 yilga borib kiyim ishlab chiqarishni 2,6 baravarga oshirishni rejalashtirib qo‘ydik. Yurtimizda xalqaro standartlarga to‘la javob beradigan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalar soni oshib bormoqda. Ayni vaqtda O‘zbekistonda ISO 9001 sertifikatiga ega 700dan ortiq kompaniyalar faoliyat olib boradi. 2018 yil boshidan beri bu sohada ko‘plab ijobiy natijalar kuzatildi. Masalan, 250 million dollar investitsiya kiritilishi natijasida 4100 ish o‘rni yaratildi, rejalashtirilgan 39ta loyihadan 23tasi hayotga tatbiq etildi», deya uning so‘zlarini keltirgan «Kun.uz» muxbiri.

Top