13:40 / 05.09.2018
52095

UYeFA Millatlar Ligasi boshlanmoqda. Bu qanday turnir?

Odatda, juft yillardagi sentabrda Yevropada Yevro yoki JCh saralash o‘yinlari boshlanishi kerak edi. Ammo bu safar yangi turnir – UYeFA Millatlar Ligasiga start beriladi. Shu yilning sentabr-noyabr oylaridagi terma jamoalar uchun mo‘ljallangan FIFA kunlarida Yevropa terma jamoalari ushbu turnirda ishtirok etishadi.

2019 yilning yozida bo‘lib o‘tadigan final bosqichida bu turnirning ilk g‘olibi aniqlansa, yana boshqa kuchli terma jamoalarda Yevropa chempionati yo‘llanmasini ertaroq hal qilish imkoni bor. Shuning uchun shu yilning kuzida biz bir qator katta o‘yinlarni kuzatish imkoniga ega bo‘lamiz. Keling, bir boshdan.  

BU NeGA KeRAK?

Saralash o‘yinlari borasida nimadir qilish lozimligi ancha oldindan munozara qilinayotgandi. Ma'lumki, futbolni endi boy klublar boshqarmoqda, daromad keltiradigan ham, yulduz futbolchilarga millionlab maosh to‘laydiganlar ham aynan shu klublar. Ular esa, arzimas terma jamoa o‘yinlaridagi jarohatlar tufayli o‘z «aktiv»larini yo‘qotib qo‘yishni istamaydilar. O‘z-o‘zidan futbolchilarga bosim paydo bo‘ladi, ularda terma jamoa yig‘inlarini deb o‘z sport formasini, asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotib qo‘yish riski paydo bo‘ladi. Muddatidan avval xalqaro futboldan ketish yoki turli jarohatlar o‘ylab topishning zamirida ham shu holat yotadi.

To‘g‘ri, terma jamoaning nufuzli turnirlarning final bosqichiga chiqishi, saralash o‘yinlarining muhimligi ham bir tomon, lekin masalan, Germaniyaning Qozog‘iston bilan, Fransiyaning Andorra bilan ikki martalab o‘ynashi va bu o‘yinlarda barcha yulduzlar ishtirok etishga majbur qilinishi rostan ham mantiqsiz. Bu o‘yinlar nafaqat klublar va futbolchilar uchun, balki UYeFA va federatsiyalar uchun ham samarasiz bo‘lib qoldi, qiziqish pasaydi. Milliy chempionatlar dam olib, terma jamoalar o‘rtasida saralash va o‘rtoqlik o‘yinlari bo‘lib o‘tadigan kunlar go‘yoki futbol tanaffusga chiqqandek tuyulishi, o‘nta guruhdan nari borsa 2-3 e'tiborga arzirli o‘yinning bo‘lishi UYeFA rahbarlarini ham tashvishga solmay qolmasdi, albatta.

Natijada, biz quyida hikoya qilib bermoqchi bo‘lgan yangi turnirga, yangi formatga ehtiyoj sezildi.

QANDAY FORMATDA O‘TKAZILADI?

UYeFA Millatlar Ligasi sentabr-noyabr oylarida bo‘lib o‘tadi. Yevropa terma jamoalari A, V, S, D ligalariga ajratilgan. Ligalar reyting asosida tuziladi. Reyting JCh-2018 saralashi yakunlari bo‘yicha hosil bo‘lgan davrdan olinadi. Turnir har ikki yilda, final qismi toq yillarda o‘tkaziladigan tarzda tashkil qilinadi.

A ligasida eng kuchli 12 jamoa to‘rt guruhga bo‘lingan holda to‘p suradi. O‘yinlar uyda va safar tizimida olib boriladi, ya'ni, uch jamoadan iborat har guruhda 6tadan o‘yin bo‘lib o‘tadi. Har bir terma jamoa 4tadan o‘yin o‘tkazadi.

A Ligadagi 4 guruhda g‘olib bo‘lgan jamoalar 2019 yilning iyun oyida bo‘lib o‘tadigan final bosqichiga yo‘l oladi. Final bosqichi yarim final, uchinchi o‘rin uchun bahs va final ko‘rinishida o‘tkaziladi. Yarim finallar uchun qur'a dekabr oyida bo‘lib o‘tadi.  O‘yinlarga mezbonlik qiladigan davlat ham shu yo‘llanmani qo‘lga kiritgan to‘rt terma jamoadan tanlanadi. A Ligadagi guruhlarda so‘nggi o‘rinlarni egallagan terma jamoalar esa, keyingi turnirda V ligaga tushib ketishadi. Ularning o‘rnini V Ligadagi guruhlarda g‘olib chiqqan terma jamoalar to‘ldirishadi.

Shu tariqa, V Liga guruhlaridagi so‘nggi o‘rinni olgan terma jamoalar S Ligaga, S Ligadagi guruhlarda oxirgi bo‘lgan terma jamoalar esa, mos ravishda D Ligaga tushib ketishadi.

V Ligada ham 12 jamoa 4 guruhga ajratilgan. S Ligada 15 terma jamoa bo‘lib, bir guruhda 3, uch guruhda 4tadan terma jamoa joy olgan. So‘nggi Ligada 16 terma bo‘lib, har bir guruhda 4tadan terma jamoa joy olgan. Hammasi bo‘lib, 55 terma jamoa Millatlar Ligasida ishtirok etadi.  

ASOSIY GURUHLAR TARKIBI

Yuqorida aytilganidek, Ligalarga terma jamoalar reytingdagi o‘ringa qarab joylashtirilgan. Reyting 2017 yil oxiridagi davrdan olingani uchun, bugungi holatdan farqli bo‘lishi mumkin, ammo A Ligadan rostan ham eng kuchli terma jamoalar joy olishgan.

1-GURUH. Germaniya, Niderlandiya, Fransiya
2-GURUH. Belgiya, Islandiya, Shveytsariya
3-GURUH. Portugaliya, Polsha, Italiya
4-GURUH. Ispaniya, Angliya, Xorvatiya

Keyingi turnirda A Ligaga chiqish uchun kurashadigan V Liga guruhlari tarkibi esa, quyidagicha:

1-GURUH. Slovakiya, Ukraina, Chexiya
2-GURUH. Rossiya, Shvetsiya, Turkiya
3-GURUH. Avstriya, Bosniya va Gertsogovina, Shimoliy Irlandiya
4-GURUH. Uels, Irlandiya, Daniya

YeVROPA CheMPIONATIGA QANDAY BOG‘LIQLIGI BOR?

Millatlar Ligasi turniri orqali terma jamoalar Yevro-2020 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniga ega bo‘ladilar.

Buning uchun har bir ligadagi guruh g‘oliblari o‘rtasida bitta o‘yindan iborat yarimfinal va final o‘yinlari o‘tkaziladi. Natijada, A, V, S va D ligalaridagi pley-off g‘oliblari Yevro-2020 yo‘llanmasiga ega bo‘ladi.

Yevro-2020 da qatnashadigan qolgan 20 jamoa an'naviy uslubda aniqlanadi. Terma jamoalar 5tadan bo‘linib, 10 guruhda to‘p suradi. Guruhlarning eng yaxshi ikki terma jamoasi Yevropa chempionati final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Farqi, avval saralash o‘yinlari sentabrdan boshlangan bo‘lsa, endi kelasi yili bahorda boshlanadi.

UYeFA Millatlar Ligasi turnirida dastlabki turlar ertadan boshlanadi. Sentyabr oyida A Ligadagi barcha uchrashuvlar va qo‘yi ligadagi e'tiborga molik o‘yinlar ruyxatini e'tiboringizga havola qilamiz.

A Ligasi

6 sentabr. Germaniya – Fransiya

7 sentabr. Italiya – Polsha

8 sentabr. Shveytsariya –Islandiya, Angliya – Ispaniya

9 sentabr. Fransiya – Niderlandiya

10 sentabr. Portugaliya – Italiya

11 sentabr. Ispaniya – Xorvatiya, Islandiya - Belgiya    

V Ligasi

6 sentabr. Chexiya – Ukraina, Uels - Irlandiya

7 sentabr. Turkiya – Rossiya

9 sentabr. Daniya - Uels

10 sentabr. Shvetsiya – Turkiya

Keyingi turlar oktabr va noyabr oylaridagi FIFA kunlarida bo‘lib o‘tadi.

Q.Aslanov tayyorladi

Top