17:42 / 05.09.2018
19942

O‘zbekistonda Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ish boshlaydi

Foto: shutterstock

So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda nevrologik kasalliklar ko‘rsatkichi tobora  o‘sib bormoqda, ular orasida o‘lim holatlari bilan tugayotganlari ham talaygina, reabilitatsion tadbirlarning past darajasi esa aholi orasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ko‘payishiga olib kelmoqda. Nevrologik kasalliklarni erta aniqlash, ularni davolash va profilaktika tadbirlarini tashkillashtirish, bu yo‘nalishda ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish mumkin bo‘lgan yagona markazlashgan tizim yo‘q. 

Zamona talabiga javob beruvchi nevrologik yordam ko‘rsatish xizmatlarini takomillashtirish hamda ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatish turlarini kengaytirish, uning sifatli va hamyonbop bo‘lishiga erishish maqsadida 30 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Aholiga nevrologik yordam ko‘rsatish xizmatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 3925-sonli qarori imzolandi. 

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistonda Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati tashkil etiladi. Mazkur markazning asosiy vazifasi nevrologik kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi va davolashning yagona vertikal tizimini yaratish, davlat tibbiyot tashkilotlarining nevrologiya bo‘limlarini tashkiliy-uslubiy boshqarish, eksperimental va klinik nevrologiya sohasida zamonaviy texnologiyalar yordamida  kompleks ilmiy-amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish, nevrologik kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlashga doir izlanishlar olib borish, hujayra va gen terapiyasiga doir innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish, skrining tadqiqotlarini tatbiq qilish hamda  insult, epilepsiya va boshqa keng tarqalgan nevrologik kasalliklar qayd etilgan bemorlarni ro‘yxatga olish, nevrologiya va neyroreabilitologiya sohasida ishlovchi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, sohaga oid seminar-treninglar, mahorat darslari, vebinarlar o‘tkazish hamda bunda xorijiy mutaxassislarni jalb qilish kabilardan iborat. 

Bundan buyon davlat tibbiyot tashkilotlarining ixtisoslashtirilgan nevrologiya bo‘limlari Markazning tashkiliy-uslubiy bo‘limlari hisoblanadi. 

Hujjat doirasida Aholiga ixtisoslashtirilgan nevrologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha samaradorlikni oshirishga doir chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. 

Qaror bilan vazirlik va idoralar rahbarlari Chora-tadbirlar dasturida ko‘zda tutilgan ishlarni o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli ko‘rsatish uchun shaxsan mas'ul ekanliklari belgilab qo‘yildi. 

Markaz ikki oy muddat ichida malakali mutaxassislar bilan ta'minlanishi kutilmoqda. 2019 yilning 1 dekabriga qadar nevrologik kasalliklarni aniqlash va davolash standartlari, klinik protokollar qayta ko‘rib chiqiladi. 

Qaror ijrosi nazorati O‘zbekiston Respublikasi Prezident ma'muriyati rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Prezident maslahatchisi A.A.Abduvohidov hamda Bosh vazir o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklatildi.

Mavzuga oid
Top