14:37 / 07.09.2018
10485

Xalqaro maqom san'ati anjumani. Xorijliklar qanday fikrda?

Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom san'ati anjumani ko‘tarinki ruhda davom etmoqda. Unda dunyoning 73 davlatidan xonanda-yu sozandalar, san'atshunos olimlar, mutaxassislar ishtirok etmoqda. O‘zA muxbiri anjumanning ayrim ishtirokchilari bilan suhbatlashdi. 

Xose Luis Izaguirre, jurnalist (Ispaniya):

– O‘zbekistonda ilk bor bo‘lishimga qaramay, taassurotlarim bir dunyo. Qadimiy shaharda saqlanib qolgan qadimiy obidalar, yodgorliklar xalqingiz tarixi uzoq asrlarga borib taqalishidan darak beradi. Mamlakatingizda san'atning an'anaviy turlariga alohida e'tibor bilan qaralishi tahsinga loyiq. Xususan, anjumanning ochilish marosimi yuqori saviyada tashkil etilgani ham fikrimga misol bo‘la oladi. Tadbirning ko‘tarinki ruhda o‘tishi uchun barcha zarur tayyorgarlik ko‘rilgan. Ispaniyada ham mumtoz san'at turlari, ashula va boshqa an'analar bilan bog‘liq festivallar o‘tkaziladi. Kelgusida bu kabi an'analarni hamkorlikda davom ettirish, tajriba almashish xalqlarimizni ma'naviy yaqinlikda, ezgu orzu-intilishlar ruhida birlashtirishiga ishonaman.

Abduvali Abdurashidov, Tojikiston xalq artisti: 

– Shashmaqom o‘zbek-tojik xalqlarining mumtoz musiqiy merosi hisoblanadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda mumtoz san'atlar, ayniqsa, maqom san'atini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Bugun Shahrisabzda Xalqaro maqom san'ati anjumani o‘tkazilmoqda. Dunyoning qator davlatlaridan ijodkorlar, mumtoz qo‘shiq ixlosmandlari, san'atshunos olimlar tashrif buyurgan. Bularning bari maqom san'atining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Muhtasham Oqsaroy maydonida maqom san'ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ustozlar ijro etgan ashulalardan bahramand bo‘ldik. Aytish mumkinki, Xalqaro maqom san'ati anjumani misolida ustozlar orzusi, ularning avlodlar ma'naviy kamoloti yo‘lidagi ezgu intilishlari ro‘yobga chiqmoqda.

Magdalina Valdivia, san'atshunos (Meksika):

– Sharq xalqlarining mumtoz san'atiga qiziqishim baland. Shu bois, festivalda ishtirok etishga qaror qildim. Ellarni tillar emas, kuy birlashtiradi, deganlari rost. Buni maqom misolida his qilmoqdaman. Undagi har bir ashula va musiqada o‘ziga xos noyob ohang, kishiga ruhiy quvvat beruvchi kuch mujassam. Garchi so‘zlarining ma'nosini tushunmasang-da, kuydagi ohang qalbni larzaga soladi. Tinglash mobaynida kayfiyatingda ba'zan hazinlik, goho jo‘shqinlik sezasan. Shuning uchun ushbu san'atni samolarga parvoz qiluvchi qushga, tinchlik elchisiga qiyoslashar ekan.

Mavzuga oid
Top